O‘zbekiston | 16:56 / 13.12.2024
11197
9 daqiqa o‘qiladi

Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat

Pedagog Shokir Tursunning aytishicha, ta’lim mazmuniga hokimiyat hamda kuchishlatar tizimning aralashuvini oqlab bo‘lmaydi, bu bolalar psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Siyosiy tahlilchi Hamid Sodiqqa ko‘ra, muammoning asosi boshqaruvchilarning vakolati to‘g‘ri taqsimlanmagani bilan bog‘liq. “Kuchishlatar tizimlar kuchli bo‘lgani uchun ularga o‘zi bilan teng hokimiyat kerak. Kuchli parlament bo‘lmaydigan bo‘lsa, “pogon”lilarni tiyib bo‘lmaydi”, deydi u Kun.uz'ga bergan intervyusida.

O‘tgan haftalarda Andijon maktablarida qiziq voqealar bo‘lib o‘tdi. Avvaliga viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tashabbusi bilan 20 ga yaqin maktab bitiruvchilari dars hisobidan 3 kunlik armiyaga yuborildi. Keyinroq Xo‘jaobod tumanida “qizil toifada” deb e’lon qilingan maktab o‘quvchilari IIB boshlig‘i bilan “suhbat”ga olib borildi.

Har ikkala holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shulardan kelib chiqib, Kun.uz ta’lim sohasining bugungi holati bilan bog‘liq ayrim masalalarni muhokama qilish uchun ta’lim sohasi eksperti, pedagog Shokir Tursun va siyosiy tahlilchi Hamid Sodiq bilan suhbatlashdi.

Dastlab Xo‘jaobodda o‘quvchilarning “qizil toifa”ga ajratilgani bo‘yicha munosabatingizni so‘ramoqchiman. Shokir aka, o‘quvchilar “qizil toifa”ga ajratilganini bolalar ombudsmani qoralab chiqdi. Siz ta’lim sohasi eksperti sifatida vaziyatga qanday qaraysiz, maktab o‘quvchilari bilan IIB boshlig‘i huzurida suhbat o‘tkazilishi qanchalik to‘g‘ri?

Shokir Tursun: Oldindan aytishim kerak, nima bo‘lgan taqdirda ham [buning] ta’lim jarayoniga ta’siri salbiy. Endi salbiyligining darajasini o‘lchash mumkin. Buni o‘lchash uchun vaziyatning ba’zi bir tafsilotlari kerak bo‘ladi. Buning uchun savollar berishimiz kerak. O‘zi bu uchrashuv qachon sodir bo‘ldi, ya’ni kunning qaysi qismida? Bolalar darsdan olindimi yoki olinmadimi? Bolalar darsdan olingan bo‘lsa, qaysi darsdan olindi-yu, ular nima bilimdan qolib ketdi? Ularga bu qoplab beriladimi?

Ikkinchisi – bu aytilayotgan “qizil toifa” nima o‘zi? Yana qanday toifalar bor: sariq, qizil, qora bormi? Bu “qizil toifa” oxirgisimi yoki undan keyin yana bormi? Keyin birinchi bolalarning yuzi ochiq holatda tarqatildi, Bolalar ombudsmanining talabi bilan keyin yopib qo‘yishdi. Ungacha [surat] tarqaladigan joylarga tarqalib ulgurdi: bu bitiruvchi yoki yuqori sinf o‘quvchilari ekani ko‘rinib turibdi. Endi ularning o‘rtoqlari, mahalladoshlari yoki qarindoshlari “qizil toifa”da ekaniga qanday munosabatda bo‘lishyapti? Mana shu savollarimizga aniq javoblar bo‘lsa, biz uning salbiylik darajasini o‘lchab berishimiz mumkin.

O‘zi oxirgi payt ta’lim tizimiga pedagogikani bilmaydiganlar, pedagogika sohasiga yaqin yo‘lamaganlarning aralashishi juda ko‘payib ketdi. Bilmayman, nega ta’lim (Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi) bunga yo‘l qo‘yib beryapti. Hattoki, o‘sha vaziyatga ham qattiq munosabat bildirmadi, go‘yoki boshqalarning aralashuviga xayrixohdek tutyapti o‘zini. O‘zining vazifalarini boshqalarga berib qo‘yishdan xursand bo‘layotgandek ko‘rinyapti.

Qo‘pol qilib aytganda, davlatimizda ichki ishlar tizimi baribir kuchishlatar tizim sifatida ko‘riladi. Ularning qo‘lida hokimiyat bor, buyruq beroladi va bergan buyrug‘ini bajartira oladi. Bu bolalarning psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, rasmlarda ko‘rgan bo‘lsangiz, rahbar o‘tiribdi, u o‘quvchi esa turib suhbatlashyapti. Bu degani u yerdagi suhbat bosim ostida bo‘lyapti. Agar do‘stona suhbat bo‘lganida hamma o‘tirgan bo‘lardi: javob berayotgan ham, savol berayotganlar ham. Birinchi ko‘rgandayoq nega bu bola tik turib javob berayotgani e’tiborimni tortgandi. O‘zi bu suhbat nechchida bo‘ldi, nima gaplarni gaplashishdi, “qizil toifa”dagi o‘quvchilarga taalluqli emas, bu mening ishim deyishyapti, lekin uning ishi bo‘lgani uchun o‘quvchilarni yig‘ib olib, alohida-alohida muammoni hal qilish nimaga kerak? Bolaning psixologiyasi, ularda qoladigan travmalar haqida kam o‘ylaymiz. Umuman ta’lim tizimimizning o‘zida bolaning psixologiyasi bilan ishlash juda oqsaydi. Maktablarda psixologlar yetishmaydi, malakali psixologlarimiz bo‘lganida balki ichki ishlarga o‘rin qoldirmasdi, ruxsat bermasdi. O‘zi ruxsat bermasligi kerak deb hisoblayman.

Agar hukm sifatida aytadigan bo‘lsak, mening, umuman pedagogikaning qarashi bo‘yicha biror kuchishlatar tizimi ma’lum bir o‘quvchilarni xonaga yig‘ib olib, o‘zi to‘riga chiqib olgan holatda bolalar bilan bosimli suhbat o‘tkazishi noto‘g‘ri va buni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Hamid aka, rasmiy xabarda bu bolalar qaysi xususiyatiga ko‘ra “qizil toifa”ga ajratilganiga izoh berilmagan. Siz nima deb o‘ylaysiz, bu voqeada qaysi jihatlar siyosiy tahlilchi sifatida sizning e’tiboringizni tortdi?

Hamid Sodiq: O‘zi biz uchun bu qandaydir yangilik bo‘lmasligi mumkin, chunki ildizlarini paypaslab ko‘rish imkoniyatimiz bor. Bu hokimiyat vakolatlarining tubdan noto‘g‘ri taqsimlanganidan vujudga keladi. Ya’ni buning boshidan mana shunday muammolar yotadi, saylovdagi kamchiliklar bilan. Agar hokimiyat qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyati konkret Konstitutsiyada ko‘rsatilganidek taqsimlanmas ekan, mana shunday muammolar kelib chiqaveradi. Bu yondosh yoki yonbosh muammolar deyiladi. Ya’ni bu qanday kelib chiqadi?

Deylik, sektorlarga bo‘lish bor. Sektorlarga bo‘lingan vaqtda bu qaysidir ma’noda o‘sha hududdagi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyatlari vazifasini 4 ta sektorga bo‘lib berishdek gap. Bu yerda vakolatlar aralashib ketadi. Hattoki, siz o‘sha vaziyatni borib o‘rganib, ichki ishlar xodimlari bilan gaplashadigan bo‘lsangiz, u bitta maktabda bir yilda 50 dan ortiq jinoyat sodir bo‘lganini aytadi, shunday jinoyatlarni hatto keltiradi, siz to‘g‘ri qilayotganini bildirasiz. Elektron sigaretdan narkotik moddalarini chekishdan tortib, jinsiy zo‘ravonlikkacha bo‘lgan “delo”larni taxlab tashlaydi.

Lekin bu oqlash emas. Bu boshidan hokimiyat vakolatlarining aralashib ketgani sabab bo‘ladi. Ya’ni bu masalani kuchli parlament hal qiladi. Hozir ichki ishlar idoralari xodimlari bilan bunday voqealar ko‘p bo‘ladi va ularga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati yo‘q. Xalq to‘g‘ridan to‘g‘ri ichki ishlar xodimlariga ta’sir o‘tkaza olmaydi, u o‘zining vakiliga ta’sir ko‘rsatoladi. Deputatiga aytadiki, bizda shunday muammo bor, sen shu muammoni hokimiyatga olib chiq deydi. Kuchishlatar tizimlar kuchli bo‘lgani uchun ularga o‘zi bilan teng hokimiyat kerak. Tasavvur qiling, hozir Vazirlar Mahkamasi bilan parlamentni mutlaqo tenglashtirib bo‘lmaydi. Vazirlar Mahkamasida butun resurslar qo‘lida: kuchishlatish, pul, inson resurslarining hammasi ularda.

Kuchli parlament bo‘lmaydigan bo‘lsa, “pogon”lilarni tiyib bo‘lmaydi. U isbotlab qo‘yadi nima uchun bunday qilayotganini. Demak, bu – birinchi masala. Ikkinchi masala shundaki, qonun nima uchun kerak degan savol bor?

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Shohruzbek Abdurayimov.

Mavzuga oid