O‘zbekiston | 16:13 / 20.12.2024
16111
1 daqiqa o‘qiladi

Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi

Andijon viloyati Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tarbiyalanuvchilari uchta Damas mashinasida Qoraqalpog‘istonga olib ketilayotganda ushlandi.

Foto: Videodan kadr

Yigirmaga yaqin bola Andijon viloyatidan Qoraqalpog‘istonga uchta Damas mashinasida olib ketilayotgani aniqlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 15 dekabr kuni Buxoro viloyati hududida uchta Damas to‘xtatilgan. Mashinalarda 3 nafar murabbiy va yigirmaga yaqin bola borligi aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, bolalar 1,5 ming kilometr masofaga, Nukus shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan kurash musobaqasiga olib ketilgan. Har bir mashinada 6−7 nafar bola va bir murabbiy bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan bolalar guruhi, umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilari faqat maxsus jihozlangan xizmat avtomobillaridan foydalangan holda, ichki ishlar organlari kuzatuvida tashilishi belgilangan.

Mavzuga oid