O‘zbekiston | 15:16 / 18.12.2024
7635
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda er-xotin is gazidan zaharlanib, vafot etdi

Is gazi xonadonida qo‘lbola usulda yasalgan isitish pechiga solingan ko‘mirdan kelib chiqqan. Prokuratura holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.

Foto: Kun.uz

Asaka tumanida yashovchi er-xotin is gazining navbatdagi qurbonlari bo‘ldi. Bu haqda mahalliy hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, holat 7 dekabr kuni soat 9:20 lar atrofida sodir bo‘lgan. Asaka tumani Uchtosh mahallasida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan M.A. va 1986 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i M.A.ning jasadi yashash xonadonida is gazidan zaharlanish alomatlari bilan topilgan. Is gazi qo‘lbola usulda yasalgan isitish pechiga solingan ko‘mirdan kelib chiqqan.

Hodisa joyi tergov-tezkor guruhi a’zolari tomonidan ko‘zdan kechirilib, fuqarolarning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Hozirda holat yuzasidan Asaka tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Namanganda ota va uning ikki farzandi, Buxoroda ona va o‘g‘il is gazidan zaharlanib, vafot etgandi. Yil boshidan beri (27 noyabr holatiga) O‘zbekistonda gaz bilan bog‘liq 74 ta baxtsiz hodisa ro‘y berib, ularda 82 kishi halok bo‘ldi, 80 kishi jarohatlandi.

Mavzuga oid