Jamiyat | 07:48 / 24.09.2018
158421
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yosh aktrisani o‘ldirib, kanalga tashlab ketganlar jazolandi

Foto: O'zMTRK

2018 yilning 6 yanvar kuni Yunusobod tuman IIBga Axmadqulova Nodira murojaat qiladi. Unda jiyani Sultonova Nilufar shu yilning 2 yanvar kuni taxminan soat 12 lar atrofida uydan o‘zining «Spark» rusumli mashinasida chiqib ketib, bedarak yo‘qolgani haqida ariza beradi, deb yozmoqda O‘zA.

Arizaga asosan tekshiruv-surishtiruv ishlari olib boriladi. Unga ko‘ra Sultonova Nilufar oxirgi marta Turg‘unboyev Po‘latjon bilan uchrashgani aniqlanadi.

Turg‘unboyev Po‘latjon tergovga jalb qilinganidan so‘ng shu narsa aniq bo‘ladiki, ular 2 yanvar kuni taxminan soat 16 lar atrofida uchrashishadi. Nilufarga do‘sti Bobur Umarovni G‘azalkentdagi uyiga olib borib kelishini aytadi. Ular birgalikda Po‘latning «Epika» rusumli mashinasida Toshkent viloyati tomon yo‘l oladi. 

Po‘lat mashinani Toshkent - G‘azalkent yo‘lida ovloqroq bir joyda to‘xtatdi. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan Bobur Nilufarning bo‘yniga sirtmoq solmoqchi bo‘lganida buni sezib qolgan qiz mashinadan tushib qochishga urinadi. Uni yana zo‘rlab mashinaga o‘tqizishadi. Qarshiligini sindirish maqsadida Bobur Nilufarning o‘ng qo‘l bilak sohasiga pichoq sanchib, qizni jarohatlaydi.

Qon oqishi natijasida holsizlanib borayotgan Nilufarning bo‘yniga Bobur yana sirtmoq soladi. Holsizlanib qolgan qiz unga qarshilik qilolmaydi. Oshig‘i Po‘lat esa uning qo‘lini ushlab turadi.

Bu ikki jinoiy sherik murdani mashinaning orqa bagajiga solib, Nilufarning «Spark» mashinasi qoldirilgan joyga qaytib kelishadi. Murdani «Epika»dan olib «Spark»ning orqa bagajiga solishadi. So‘ngra mashinani Po‘latning uyi tomon haydab ketishadi.

Voqea sodir bo‘lgan kuni soat 23:30larda qizning murdasini Toshkent viloyatidan oqib o‘tuvchi «Damariq» kanaliga oqizib yuborishadi. Jinoyat vaqtida ishlatilgan ashyoviy dalillarni hamda pichoq va arqonni ham kanalga tashlaydi.

2018 yil 12 yanvar kuni Toshkent viloyati Toshkent tumani Ko‘ksaroy hududidan oqib o‘tuvchi «Damariq» kanalidan Nilufarning murdasi topiladi.

Sultonova Nilufar

Nafs quliga aylangan jinoyatchilarga nisbatan Toshkent viloyati Jinoyat sudida hukm o‘qildi. 

Unga ko‘ra Turg‘unboyev Po‘latjonga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v», «i», «b» bandlari bilan 19 yil muddatga, 164-modda 3-qismi «g» bandi bilan 14 yil muddatga, 227-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan 2 yil muddatga hamda 59-modda «Qisman tayinlovga jazo qo‘shish» yo‘li bilan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Umarov Boburga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v», «i», «b» bandlari bilan 17 yil muddatga, 164-modda 3-qismi «g» bandi bilan 12 yil muddatga, 227-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan 2 yil muddatga hamda 59-modda «Qisman tayinlovga jazo qo‘shish» yo‘li bilan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mavzuga oid