Jahon | 08:34 / 25.09.2018
19687
2 daqiqa o‘qiladi

Sirli tarzda yo‘qolgan MH370 reysining oxirgi onlari haqida hujjatli film olindi 

National Geographic kanali “Okeanlarni quritish” loyihasi doirasida Kuala-Lumpurdan Pekinga parvoz vaqtida sirli tarzda yo‘qolgan Boeing-777 yo‘lovchi samolyotining oxirgi onlari haqida hujjatli film suratga oldi. 

Mualliflar samolyot yo‘nalishdan og‘ishgandan keyin yoqilg‘isi tugashi oqibatida yuz bergan bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaziyatni modellashtirishgan.

Modelga ko‘ra, samolyotning dastlab birinchi dvigateli ishdan chiqqan. Shundan keyin avtopilot yon tomonga og‘ishni to‘g‘rilash uchun samolyotni chap tomonga muvozanatlagan. Ikki daqiqadan so‘ng chap dvigatel ham ishlamay qolgan. Buning oqibatida samolyot spiral bo‘ylab pastga qulab, dengizga urilgan.

Malaysia Airlines’ga qarashli Boeing 777-200 samolyoti 2014 yil 8 martga o‘tar kechasi 227 yo‘lovchi va ekipajning 12 a'zosi bilan radarlar ekranidan yo‘qolib qolgan. Taxminlarga ko‘ra, samolyot Hind okeanining janubiy qismida halokatga uchragan. Qidiruv operatsiyasi samolyot qulagan joyni o‘rnata olmagan. 

 

Mavzuga oid