Jahon | 00:42 / 30.09.2018
9257
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev «Turkistan» maxsus hududini yaratish topshirig‘ini berdi

Foto: akorda.kz

Bugun Turkiston oblastiga ishchi tashrif bilan borgan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev hukumatga «Turkistan» maxsus iqtisodiy hududini tashkil qilish topshirig‘ini berdi. Bu haqda Qozog‘iston prezidentining rasmiy sayti akorda.kz’da ma'lumot berilmoqda.

«Qozog‘iston Respublikasi hukumatiga bir oy muddat ichida «Turkistan» maxsus iqtisodiy hududini tashkil qilish yuklatilsin», deyiladi xabarda.

Nazarboyev shuningdek, Turkiston shahrini rivojlantirish bo‘yicha bosh rejasining turkiy xalqlar olamining madaniy-ma'naviy markazi sifatidagi konsepsiyasini ma'qullagan.

Hukumat va Turkiston oblasti hokimligiga farmonlarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berilgan. Farmonni bajarish ustidan nazorat prezident administratsiyasiga yuklatilgan. Hujjatlar imzolangan kundan boshlab kuchga kirishi belgilangan.

Ilgariroq, Nursulton Nazarboyev Chimkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi. Qo‘shni davlat rahbari shahar respublika ahamiyatiga molik statusga ega bo‘lgach, uning oldida yangi zamonaviy yondashuvlar va ishlab chiqilgan strategiya talab etadigan vazifalar paydo bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi.

Mavzuga oid