Sport | 11:30 / 11.10.2018
14306
3 daqiqa o‘qiladi

Arda Turan tungi klubda turkiyalik qo‘shiqchining burnini sindirdi

Foto: VI Images via Getty Images

Transfer huquqi «Barselona» tegishli bo‘lgan, ayni vaqtda «Istanbul» klubi safida to‘p surayotgan turkiyalik yarimhimoyachi Arda Turan navbatdagi mojaroga o‘ralashib qoldi.

Football Espana nashri xabariga ko‘ra, ushbu futbolchi Istanbuldagi tungi klublardan birida turkiyalik qo‘shiqchi Berkay Shahinni urib, uning burnini sindirgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Arda Turan Berkayning rafiqasi O‘zlem Shahinga gap otgan. Shundan so‘ng, janjal kelib chiqqan.

Fanatik nashri xabariga ko‘ra, futbolchi O‘zlem Adi Shahinning yoniga kelgan va: «Agar men uylanmagan bo‘lganimda, sendek qizning yonidan beparvo o‘tib keta olmasdim»degan.

Qo‘shiqchini shifoxonaga olib borishgan, u jarrohlik stoliga yotqizilgan. Ayni vaqtda u shifoxonada qolmoqda.

U shifoxonaga to‘pponcha ko‘tarib borgan va Shahinga degan: «Men u sening xotining ekanini bilmagandim. Kechir. Istasang, meni o‘ldir».

Keyinchalik, 31 yoshli futbolchi instagramdagi sahifasida mojaro haqida yozgan. U qo‘shiqchining xotiniga shilqimlik qilganini tan olmagan.

«Ha, men o‘sha yerda bahslashib qoldim. U yerga do‘stlarim bilan borgandim. Ammo bahsning sababi or va nomus emasdi», degan u.

2017 yilning yozida Turkiya terma jamoasi ustozi Fotih Terim Arda Turanni o‘zi bilan bir samolyotda uchgan jurnalistni bo‘g‘ganidan keyin terma jamoadan chetlatgandi. Terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Mircha Luchesku uni terma jamoaga qaytarmasligini ma'lum qilgan. Shundan so‘ng futbolchi terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e'lon qilgan.

2018 yilning martida u rafiqasi haqida so‘ragan boshqa bir turkiyalik jurnalistga uning boshini olib tashlash bilan tahdid qilgandi.

Shu yilning mayida esa futbolchi chempionatning o‘tgan mavsumi 32-turi doirasida «Sivasspor»ga qarshi o‘yinda hakamga hujum qilgani uchun 16 o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi.

Ma'lumot uchun, Arda Turan shu yilning 11 martida Aslixon Do‘g‘anga uylangandi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va rafiqasi nikoh marosimida guvoh sifatida ishtirok etishgan. 

Mavzuga oid