O‘zbekiston | 21:29 / 11.10.2018
12715
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat soliq qo‘mitasi 1,1  mlrd. so‘mlik noqonuniy tovarlar savdosini fosh etdi

Davlat soliq qo‘mitasining Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan so‘nggi 2 kun davomida respublika bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida noqonuniy savdo va mahsulotlar ishlab chiqarishga oid 36 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Ularda jami 1,1  mlrd. so‘mlik noqonuniy tovarlar fosh etildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabar bermoqda.

Xususan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Toshkent shahrida 4 holatda 597 mln. so‘mlik, Farg‘onada 1 holatda 60,6 mln. so‘mlik, Andijonda 6 holatda 50 mln. so‘mlik, Jizzaxda 1  holatda 10,1 mln. so‘mlik, Buxoroda 2 holatda 4,5 mln. so‘mlik, Samarqandda 2 holatda 4,6 mln. so‘mlik, Navoiyda 18 holatda 3,7 mln. so‘mlik, Toshkent viloyatida 3 holatda 2,1 mln. so‘mlik noqonuniy tovarlar aniqlandi.

Ma'lumotga ko‘ra, Samarqand viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqaro T.Muhitdinovga tegishli umumiy qiymati 2,2 mln. so‘m va fuqaro N.Istatovga tegishli umumiy qiymati 2,4 mln. so‘m bo‘lgan tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.

Xuddi shunday Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida fuqaro A.Kadirov hech qanday hujjatlarsiz Qo‘qon savdo majmuasida savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi aniqlanib, huquqbuzarning 60,6 mln. so‘mlik xorijda ishlab chiqarilgan tovarlari savdosiga nuqta qo‘yildi.

Shu bilan birga, Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari tomonidan Toshkent shahridagi “Jomiy” savdo majmuasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida fuqarolar A.Saidakbarov va O.Sultonovlar noqonuniy savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi ma'lum bo‘ldi. Huquqbuzarlarning jami 500,6 mln. so‘mlik noqonuniy tovarlari vaqtincha olib qo‘yildi.

“O‘rikzor” savdo majmuasidagi nazorat tadbirlarida esa noqonuniy savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolar J.Ikromov va A.Xoliyevlarning jami 96,4 mln. so‘mlik tovarlari savdosiga chek qo‘yildi. Nazorat tadbirlari respublika bo‘ylab davom etmoqda.

Mavzuga oid