Sport | 15:58 / 16.10.2018
9684
3 daqiqa o‘qiladi

Professional boks. Qudratillo Abduqahhorovning navbatdagi raqibi ma'lum

Professional boksning yarim o‘rta (-66,67 kg) vazn toifasida ringga chiqadigan o‘zbekistonlik Qudratillo Abduqahhorovning navbatdagi jangdagi raqibi aniq bo‘ldi. Bu haqda sportchining o‘ziga asoslangan holda «Xalq so‘zi Online» nashri xabar bergan.

Qudratillo Abuqahhorovning navbatdagi raqibi yaponiyalik Keita Obara bo‘ladi. Noyabr oyida 32 yoshga to‘ladigan yaponiyalik bokschi shu kunga qadar 24ta jang o‘tkazgan va 20 jangda g‘alaba qozongan (18 nokaut), 3 marta mag‘lubiyatga uchragan, bitta jangda durang natija qayd etilgan.

Hozirda u yarim o‘rta vaznning WBO yo‘nalishida Osiyo-Okeaniya kamari sohibi sanaladi. Obara ayni vaqtda IBF yo‘nalishida reytingda oltinchi, WBO yo‘nalishida esa 15-o‘rinda bormoqda. U 2016 yilda IBF va IBO yo‘nalishlari chempionlik kamari uchun ringga chiqib, rossiyalik Eduard Troyanovskiga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi.

«Amerikada uch oy davomida shug‘ullanib, raqib topa olmadik. Negadir u yerdagilar bizning takliflarimizni rad qilishdi. Reytingda eng yuqori o‘rinlarga chiqish uchun shu darajadagi bokschilarga taklif bilan chiqdik. Ammo ular ham rad etishdi. Masalan amerikalik Jyessi Vargasga ikki marta taklif bilan chiqdik. Uning promouterlari rozi bo‘lishmadi. Agar u bilan jang qilib yutganimda, bir yo‘la ikkita kamarga birinchi raqamli da'vogar bo‘lardim.

AQShda janglar hal bo‘lmagach, Malayziyaga qaytdik. Bu yerda yaponiyalik Keita Obara bilan jang o‘tkazishga kelishib oldik. Jangni dekabr oyi boshlarida o‘tkazishni rejalashtiryapmiz», degan Abduqahhorov.

Hozircha jangning aniq sanasi va o‘tkaziladigan joyi noma'lum. Jang Malayziya yoki Yaponiyada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu borada muzokaralar davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qudratillo Abduqahhorov WBC yo‘nalishining ikkinchi darajali WBC Silver kamarini o‘z vaqtida himoya qilmagani uchun kamar undan olib qo‘yilgandi. 6 oktabr kuni Jyessi Vargas va Tomas Dulorme ushbu kamar uchun ringga ko‘tarildi, ammo jangda g‘olib aniqlanmadi. Natijada oldinroq Abduqahhorov tegishli bo‘lgan kamar, ayni vaqtda kelib vakant bo‘lib turibdi.

Ma'lumot uchun, Qudratillo Abduqahhorov professional boksda 15 jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba (9 nokaut) qozongan. U 15-jangni shu yilning mayida Toshkentda o‘tkazgan va 8 raundlik jangda tanzaniyalik Tvaxa Kassimuni mag‘lubiyatga uchratgandi.

Ayni vaqtda bokschi WBC reytingida 3-o‘rinda bormoqda. Shuningdek, u IBF reytingida to‘rtinchi, WBO reytingida esa 12-o‘rinda joylashgan.

Mavzuga oid