Jahon | 14:30 / 19.10.2018
15685
3 daqiqa o‘qiladi

Zolotov Navalniy bilan debat o‘tkazishdan qochdi

Foto «Kommersant'»

Rosgvardiya direktori Viktor Zolotov Aleksey Navalniyning federal telekanal efirida debat o‘tkazish bo‘yicha taklifini qabul qilmadi. TASS xabariga ko‘ra, u siyosatchini «boshqa ishga taklif qilgani»ni eslatib o‘tgan.

«Debatlarga? Men uni boshqa narsaga chorlagandim. Biz u bilan kelisha olmadik. Ammo men uning savoliga javob qaytaraman. U meni nimalarda ayblagan bo‘lsa, mendan javob bo‘ladi. Qanday formatda javob qaytarishimni keyinroq hal qilamiz», — degan Zolotov. Uning bu chiqishi videosi LIFE SHOT telegram-kanalida e'lon qilingan.

Zolotov Navalniyni sport bellashuviga taklif qilgani, lekin uni muxolifatchini kaltaklash istagini bildirishda ayblashayotganini qayd etib o‘tgan.

«Ammo gap shundaki, hozir ish sudga ketmoqda, sud o‘tkazilganidan keyin sud qarori chiqqanidan keyin bilamiz — u haqmi yoki nohaq», — deya qayd etgan Zolotov. U bu masalaga suddan keyin qaytishini qo‘shimcha qilgan.

18 oktabr kuni Aleksey Navalniy Viktor Zolotovning o‘zini duelga chorlab yo‘llagan videomurojaatiga javob qaytargandi. Navalniy Zolotovning taklifini qabul qilgan hamda uni federal telekanallardan birida debat o‘tkazishga chaqirgandi.

Avgust oyi oxirida Navalniyning korrupsiyaga qarshi kurashish fondi Rosgvardiya uchun oziq-ovqat mahsulotlari RF bosh vaziri Dmitriy Medvedevga aloqador bo‘lgan shaxsga tegishli kompaniya tomonidan yetkazib berilishi, tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan narxlar bozor narxidan bir necha barobar ko‘pligi bayon etilgan materialini e'lon qilgan, Zolotov korrupsiyada ayblangandi.

Navalniy yanvardagi aksiya uchun muddatni o‘tayotganda, 11 sentabr kuni Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov muxolifatchiga qaratilgan videomurojaatini e'lon qilgandi va uni duelga chorlagandi.

Zolotovning aytishicha, Navalniy narxlar haqida hech narsa bilmaydi va tekshiruvida haqoratlar hamda tuhmatlarga yo‘l qo‘ygan. U siyosatchi yana bir shunday ishga qo‘l ursa, uning «oyoqlarini uzib olishi» va «Rosgvardiya shaxsiy tarkibi guvohligida shou uyushtirish»ga va'da bergandi.

Mavzuga oid