O‘zbekiston | 21:10 / 21.10.2018
55082
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyati AES qurilishi uchun salohiyatli maydonlardan biri sifatida e'tirof etildi

AES qurilishiga ramziy start berilgan Jizzax viloyatidagi hudud ham salohiyatli maydonlardan biri sifatida e'tirof etilmoqda. KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

19 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasida birinchi AES qurilishi loyihasining amalga oshirilishini boshlab berishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.

Tadbir bo‘lg‘usi atom elektr stansiyasini qurish uchun maydon tanlashda muhandislik tadqiqotlarining boshlanishini belgilab berdi. Qurilish loyihasi SSER-1200 rusumdagi reaktorlar bilan jihozlangan ikkita energoblokning qurilishini o‘z ichiga oladi. Mazkur energobloklar 3+ avlodiga tegishli bo‘lib, zamonaviy texnologiyalarning ishonchliligini sezilarli darajada oshirgan holda, AEXAning zamonaviy xavfsizlik talablariga to‘la javob beradi. 

Mahalliy aholi vakili, jizzaxlik nafaqaxo‘r, oqsoqol Erkin Kazakov AES qurilishiga doir fikrlari bilan bo‘lishdi. 

"Atom elektr stansiyasining qurilishi O‘zbekistonni iqtisodiy rivojlantirishga juda katta hissa qo‘shadi. U  energetika tizimidagi ko‘p muammolarni hal qiladi, bu esa xalqimizning turmush farovonligi oshadi, deganidir. Shuningdek, u juda ko‘plab kishilarni yangi ish o‘rinlari bilan ta'minlaydi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya davlat rahbari Vladimir Putinning AES qurilishi loyihasiga start bergani biz uchun katta quvonch bo‘ldi. Bosh vazir o‘rinbosari Alisher Sultonov va "Rosatom" korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov qurilishga doir axborot berishdi va shu yerda ramziy start berish marosimi o‘tdi. Albatta, buning bari davlatimizning rivojlanishi, aholi turmush farovonligini oshirish yo‘lida xizmat qiladi", - deydi oqsoqol.

Erkin ota mahalliy aholi sifatida bu qurilishga qanday qarashi, AES xavfsizligidan xavotir olayotgani yoki yo‘qligi haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.

"Mahalliy aholi sifatida bunga juda ijobiy qarayman, odamlar buni quvonch bilan qabul qilishdi. Ushbu AES eng zamonaviy texnologiyalarda ishlashi uning xavfsizligidan xavotir olmaslikka sabab bo‘la oladi. Barchamiz "Rosatom"ning atom elektr stansiyalari jahonda yetakchi ekanini yaxshi bilamiz. Bu AES bizni yuz yillab xizmat qiluvchi uzluksiz, barqaror va hamyonbop elektr energiyasi bilan ta'minlaydi", - deydi jizzaxlik otaxon.

Bundan avval O‘zbekiston va Rossiya hamkorligidagi atom elektr stansiyasi qurilishi uchun Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasida joylashgan To‘dako‘l suv ombori yaqinidagi hudud salohiyatli maydon ekani haqida xabar berilgan edi.

Ta'kidlash joizki, AES qurilishiga ramziy start berilgan Jizzax viloyatidagi hudud ham salohiyatli maydonlardan biri sifatida e'tirof etilmoqda.

Mavzuga oid