Jahon | 07:36 / 25.10.2018
19731
5 daqiqa o‘qiladi

Hillari Klinton, Barak Obama, CNN telekanali va boshqalarga pochta orqali bomba jo‘natildi

24 oktabr kuni AQSh Maxfiy xizmati Hillari Klinton va Barak Obama manziliga jo‘natilgan pochta jo‘natmalarida portlovchi moddalar topilganini e'lon qildi.

Obamaga jo‘natma uning Vashingtondagi manziliga, Klinton xonimga atalgani esa Nyu-York yaqinidagi Chappakua shaharchasidagi uyiga jo‘natilgan. Maxsus xizmat Obama va Klintonlar oilasiga xavf yetmaganini ta'kidlagan. Shubhali narsalar maxsus xodimlar tomonidan pochta jo‘natmalarining standart tekshiruvi chog‘ida aniqlangan. Bu haqda The New York Times xabar bermoqda.

Foto: Jeenah Moon / The New York Times

Shundan so‘ng bunday portlovchi qurilmalar pochta orqali boshqa manzillarga ham jo‘natilganligi aniqlangan. Xususan, BNO News tomonidan Kolumbiya okrugidagi harbiy bazada prezident administratsiyasi uchun mo‘ljallangan pochta jo‘natmasi ushlangani xabar qilindi. 

Keyinroq Maxfiy xizmat bu xabarni rad etdi. 

Yana bir jo‘natma Nyu-Yorkdagi CNN tahririyati joylashgan «Taym-Uorner-Sentr» tomon ketayotgan jo‘natmalar ichida aniqlangan. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, bu jo‘natma CNN’da ekspert sifatida chiqadigan MRBning sobiq direktori Jon Brennanga mo‘ljallanganligi aniqlangan. Tahririyat binosining bir qismi evakuatsiya qilingan, politsiya jo‘natma ichida portlovchi qurilma va oq kukun borligini tasdiqlagan.

Foto: CNN

Telekanal tarqatgan axborotga ko‘ra, bombalarning mexanizmi juda oddiy, lekin aniq ishlaydigan bo‘lgan. Sapyorlar bombalarni osongina zararsizlantirishgan. 

Shubhali jo‘natmalar Floridaga – demokrat-kongressmen Debbi Vasserman Shultsga, San-Diyegoga — senator Kamala Harris hamda San Diego Union-Tribune gazetasi tahririyatiga, boshqasi Merilendga — kongressmen Maksin Uotersga yetib borayotgan chog‘da aniqlanib zararsizlantirilgan.

Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo shubhali jo‘natmani uning ofisida ham qabul qilishganini aytib o‘tgan, biroq keyinroq aniqlanishicha u oddiy jo‘natma bo‘lib chiqqan.

Dushanba kuni The New York Times nashri tomonidan biznesmen Jorj Sorosga atalgan bombali jo‘natma haqida xabar tarqatilgan edi. Portlovchi qurilmani Nyu-York ostonasidagi Bedford shaharchasida joylashgan qarorgohda uning pochta saralashi uchun mas'ul bo‘lgan xodimi aniqlagan va xavfsiz masofaga eltib, politsiya chaqirgan. Bedford Hillari Klintonning Chappakuadagi uyiga juda yaqin joyda joylashgan.

Foto: Debbi Vasserman-Shults, Hillari Klinton, Jorj Soros, Barak Obama / REUTERS 

Bombalarning o‘zi haqida hozircha hech narsa aniq emas. Politsiya va maxsus xizmatlar portlovchi qurilmalarning quvvati haqida ham, jo‘natuvchi uni qanday qilib ishga tushirmoqchi bo‘lgani haqida ham biror tayinli gap aytayotgani yo‘q. Portlovchi jo‘natmalar ortida kim turgani haqida ham hech qanday jo‘yali taxmin o‘rtaga tashlanmayapti. NBC telekanaliga ko‘ra, politsiyada Sorosga jo‘natilgan jo‘natma Klinton, Obama, CNN va Oq uyga jo‘natilganiga o‘xshash ekanligini ta'kidlagan, xolos.

Oq uy AQShning sobiq prezidenti Barak Obama, sobiq davlat kotibi Hillari Klinton va boshqalar nomiga portlovchi jo‘natmalar jo‘natgan shaxslar albatta jazoga tortilishini va'da qilmoqda.

«Biz prezident Obama, davlat kotibi Klinton va boshqa davlat arboblariga qarshi tajovuzkorona hujum qilishga urinishni qoralaymiz. Bu terrorchilik aktlari zaif va buning ijrochilari qonun doirasida qat'iy javobgarlikka tortiladi», — degan Oq uy vakili Sara Sanders. 

Foto: globallookpress.com

U AQSh Maxfiy xizmati va boshqa-huquq tartibot organlari surishtiruv ishlarini olib borib, «bu qo‘rqoq kimsalar tahdid solayotgan barcha shaxslar”ni himoyalash uchun jamiki choralar ko‘rilishini ta'kidlab o‘tgan.

Mavzuga oid