Barak Obama saylovda Kamala Harrisni qo‘llashini ma’lum qildi
AQSh sobiq prezidenti Baraka Obama va uning rafiqasi Mishel Obama demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lishi kutilayotgan Kamala Harrisni noyabrdagi saylovlarda qo‘llashini aytishdi.
Er-xotin Obamalar Harrisga qo‘ng‘iroq qilib, uni saylovda qo‘llashlarini ma’lum qilgan. Vitse-prezidentning saylov kampaniyasi suhbat videosini e’lon qildi. «Men va Mishel seni qo‘llashdan faxrlanamiz. Sen saylovdan o‘tib Oval kabinetga borishing uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz», degan Obama.
«Bu men uchun ko‘p narsani anglatadi. Keling, ishga kirishamiz», deb javob qaytargan Harris. Suhbat juda samimiy ruhda o‘tgan.
E’tiborlisi, demokratik partiyaning eng obro‘li va ta’sir doirasi katta vakili Baraka Obama Kamala Harris nomzodini Bayden uni ilgari surganidan 5 kun o‘tgach qo‘llashini ma’lum qildi. Bu vaqtda Mishel Obama demokratlar vakili sifatida saylovda qatnashishi mumkinligi haqida mish-mishlar yana avj oldi.
AQSh nashrlariga ko‘ra, Obama oxirgi bir oy davomida uning prezidentlik vaqtida vitse-prezident bo‘lib ishlagan Oq uyning amaldagi rahbari Jo Baydenni ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yish fikridan qaytarib kelgan. Bayden o‘ziga qarshi partiya ichidagi bu «isyon» tepasida Obamadan tashqari, Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi ham bo‘lgan deb hisoblashi haqida xabarlar ham tarqalgan.
Mavzuga oid
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:17 / 23.12.2024