O‘zbekiston | 19:11 / 01.11.2018
37954
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Umra ziyoratiga jo‘nab ketgan o‘zbekistonliklar 5 yulduzli mehmonxonalarga joylashtirildi

Foto: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi

O‘tgan kunlarda bir guruh o‘zbekistonlik ziyoratchilar Umra ziyoratini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan edilar. O‘zbekistondan Umra amallarini ado etish niyatida muborak zaminga yetib borgan fuqarolar Makkai Mukarramadagi 4 yulduzli Al Kiswah Hotel Towers va Madinai Munavvaradagi 5 yulduzli Pullman Zamzam Madina Hotel mehmonxonalariga joylashtirildi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi xabar bermoqda. 

Madina shahridagi ishchi guruhi a'zosi Muzaffar Kamolovning bildirishicha, bu yil ziyoratchilarga Madinai Munavvarada 5 yulduzli, zamonaviy va osmono‘par mehmonxona o‘zbekistonlik ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda. Ushbu mehmonxona Masjidi Nabaviyning shundoqqina yonginasida joylashgan, ziyoratchilar besh mahal namozlarini ushbu tabarruk masjidda ado etish saodatiga yetishmoqdalar. Ayni kunda, ziyoratchilar ibodatlarini chiroyli va mukammal ado etishlari uchun mehmonxonada barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Ushbu qo‘nimgoh juda ham hashamatli bo‘lib, Madina shahrining uzoq-uzoq chekkalaridan ham ko‘rinib turadi.

Mehmonxonaning keng zali kishi diqqatini o‘ziga tortadi. U yerda yangi, qulay o‘rindiqlar joylashtirilgan bo‘lib, ko‘chadan charchab kelgan odam uchun salqinlanib olishga mo‘ljallangan.

Ziyoratchi o‘z xonasiga ko‘tarilmoqchi bo‘lsa, bir nechta liftlar ishlamoqda. Har bir xonada ozoda ko‘rpa-yu choyshablar to‘shab qo‘yilgan. Xonadagi televizor orqali Ka'bai muazzama yoki Masjidun Nabaviyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilib o‘tirishlari mumkin. 

Shuningdek, har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich ham hozirlangan. 

Ishchi guruhi tomonidan mehmonxonada tibbiyot bo‘limi va O‘zbekiston Ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan bo‘lib, tibbiyot bo‘limi ham kerakli o‘rindiq va yotoq mebellari bilan ta'minlangan. Shuningdek, ziyoratchilarimizga o‘zimizning oshpazlar tomonidan tayyorlangan laziz va milliy taomlar tortiq qilinmoqda.

 

Mavzuga oid