Sport | 19:40 / 06.11.2018
11116
2 daqiqa o‘qiladi

Albaning uyini o‘g‘ri urib ketdi

6 noyabr kuni matbuotda «Barselona» himoyachisi Jordi Albaga daxldor ikkita yangilik paydo bo‘ldi.

Ispaniyaning Sport nashriga ko‘ra, klub u bilan shartnomani uzaytirishni istamoqda. Ushbu tashabbus bevosita bosh murabbiy Ernesto Valverdedan chiqqani aytilmoqda. Albaning amaldagi bitimi muddati 2020 yil yozida nihoyasiga yetadi.

Ikkinchi xabar mamlakatning boshqa bir nashri – El Pais`ga tegishli bo‘lib, nashrning yozishicha, kecha Jordining xonadoniga o‘g‘ri tushgan.

Xabarda aytilishicha, dushanba kuni kechasi soat 20:00 ga yaqin Kataloniya politsiyasiga o‘g‘rilik haqida qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, o‘g‘rilar hovliga bog‘ orqali kirishgan. Ular uyning bog‘ tomonga qaragan derazasi plastik pardasini sindirib, ikkinchi qavatdagi xonalarga chiqishgan, so‘ng seyfni buzib ochishgan, shoshilinchda tartibsizlik bilan tortma va shkaflarni titishgan.

Bu vaqtda oila a'zolari pastki qavatda bo‘lgan, ular hech narsani sezishmaganini aytishmoqda. Xordining o‘zi Milanda edi. U bugun jamoa tarkibida «Inter»ga qarshi o‘yinda maydon tushishi mumkin.

Politsiya hozircha o‘g‘rilarning necha kishi bo‘lganini aniqlashga erishmagan.

Barselona shahrining La Bonanova mavzesida joylashgan turar-joy qo‘riqchilari hech narsani ko‘rmagan, ular faqatgina to‘xtab turgan avtomashina katta tezlik bilan yura boshlaganidan shubhaga tushganini aytishgan.

Hozirga qadar o‘g‘irlangan moddiy buyumlar yoki ularning qiymati haqida ma'lumotlar yo‘q.

Mavzuga oid