O‘zbekiston | 12:46 / 16.11.2018
36714
4 daqiqa o‘qiladi

«​Xalq ta'limiga kam mablag‘ ajratilgan». Vazir o‘rinbosari masalani qanday yechish mumkinligini ko‘rsatmoqda​

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Otabek Nazirov «Kun.uz» muxbiri bilan suhbatda xalq ta'limi sohasidagi muammolar haqida gapirdi.

Vazir o‘rinbosari ayni paytda davlat byudjyetidan xalq ta'limi sohasiga sarflanayotgan pullar barcha maktablardagi sharoitlarni bir yilda hal qilish uchun yetarli emasligini aytib, balki bu mablag‘ bilan 10 yilda ham tizimni isloh qilib bo‘lmasligini ma'lum qildi. 

Video: Youtube.com

Video: Tas-IX

«​​Bizning asosiy maqsadlarimizdan biri - vazirlikni kuchaytirish. Bu degani yangi kadrlarni olib kelish, shuning uchun davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Asosiy ish yo‘nalishimizdan biri ham kadrlarni yig‘ish, xalq ta'limi sohasini tushungan, xalqaro tajribaga ega mutaxassislarni vazirlikka chorlashdir. 

Xalq ta'limiga qancha pul ajratilgan taqdirda ham, bu yetarli bo‘lmaydi. Davlat dasturi bo‘yicha manzilli ro‘yxat asosida maktablarni o‘rganib chiqqanimizda, ta'mir va jihozlash uchun 4,5 trillion so‘m zarur ekanini ma'lum bo‘ldi. Bu 1600dan ortiq maktab ehtiyojlariga sarf etiladi. Umumiy hisobda 10 mingga yaqin maktab faoliyat ko‘rsatib turibdi, demak uning 16 foizini yaxshilash uchun shuncha mablag‘ talab etilyapti. 

Davlat byudjyetidan ajratilgan pul esa 900 milliard so‘m atrofida, ya'ni kutilgan mablag‘ning 1/4 qismi taqdim etilgan. Endi, pulni qanday taqsimlash kerak? Og‘ir sharoitda faoliyat olib borayotgan, avariyaviy holatda ishlayotgan, o‘quvchilar soni o‘z quvvatidan ortib ketgan maktablarga mablag‘lar sarflanishi nazarda tutilgan»​, - deydi Nazirov. 

Xorijiy amaliyot tajribasiga ega vazir o‘rinbosariga ko‘ra, muammolarni hal etishning bir nechta yo‘li mavjud. Shulardan biri - sobiq kollej binolariga egalik qilish bo‘lsa, ikkinchisi - vaucher moliyalashtirish uslubidir. 

«​Afsuski, bu - 20 yildan buyon yig‘ilib qolgan muammolar. Xalq ta'limi tizimiga yetarli mablag‘ ajratilmagan. Bu masalaning ijobiy yechimi qanday bo‘ladi? Xabaringiz bor, kasb-hunar kollejlarning ko‘plari tugatilmoqda, o‘quv binosi esa bo‘shaydi. Bizning talabimiz shundaki, xalq ta'limi tizimiga kerak kollej binolari vazirlik tasarrufiga berilishi lozim. Bu borada prezident ham bizni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ayni paytda respublika bo‘yicha 600dan ortiq kollej binosini qo‘lga kiritish bo‘yicha taklif bildirganmiz. Yangi maktablarni qurishga yirik mablag‘ va vaqt kerak, kollejlardan bo‘shayotgan binolar esa foydalanishga tayyor turibdi. 

Oldimizda turgan ikkinchi yechim ham bor, bu borada Moliya vazirligi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Amaliyotda vaucher moliyalashtirish uslubi mavjud. Uslub har bir bolaning ta'lim olishi uchun davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘ni nazarda tutadi. O‘quvchilarning soniga qarab, maktablarga mablag‘ yo‘naltiriladi. Pul oqimi ochiq bo‘ladi, shaffoflik kafolatlangan, ota-onalar kuzatadi. Maktab direktorining ishda rag‘bati oshishi paydo bo‘ladi, ya'ni bolalarning sonini oshirish manfaatli bo‘ladi»​, - deydi u.

Mavzuga oid