Foto: Sirdaryoda shifokorlar ham qasamyod qilishdi
Sirdaryo viloyatida fermerlar hokim va prokurorlar qarshisida qasamyod qilishi ortidan navbat sirdaryolik shifokorlarga keldi.
Ijtimoiy tarmoqda Sirdaryoda tibbiyot xodimlarining «qasamyod marosimi» tasvirlari tarqaldi. Tibbiyot xodimlariga «prezidentga sodiqlik va nojo‘ya ishlarni qilmaslik» haqidagi qasamyod matni o‘qitilgan.
«Men, O‘zbekiston Respublikasining shifokori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan sog‘liqni saqlash yo‘nalishida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni amaliyotga tatbiq etish, aholining tibbiy xizmat sifatidan bahramandlik darajasini yanada oshirish, mavjud eng zamonaviy tibbiy texnologiyalarni qo‘llagan holda xalqimizga munosib tibbiy xizmat ko‘rsatishga qasamyod qilaman!
O‘zimning bor bilimim va iqtidorimni inson sihat-salomatligiga, kasalliklarning oldini olishga baxshida qilishga va'da beraman. O‘z salohiyatim, mahoratim va malakamni tinmay oshirib borishga, kamtar va kamsuqum bo‘lishga, zarur bo‘lganda bemor foydasi, ya'ni uning oliy ne'mati - sog‘lig‘ini saqlab qolish uchun fidoyilik ko‘rsatishga, bemorlarning eng nozik his tuyg‘ulari va ruhiyatidan doimo voqif bo‘lib turishga, ular dardiga darmon bo‘lishga qasamyod qilaman!
O‘zimning maslagim, so‘zim va bajarayotgan ishim orqali odamlarga faqat yaxshilik qilishga xizmat qilaman. O‘z faoliyatimda kasbimga va vatanimga sadoqat bilan xizmat qilishga, korrupsiya va tamagirlik singari illatlarga yo‘l qo‘ymasdan pok va halol ishlab, xalqimning hurmat va e'tiborini qozonishga, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilib, kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi, davosi hamda reabilitatsiyasining sifatli va samarali o‘tkazilishiga bor kuch va g‘ayratimni ayamayman, deb qasamyod qilaman!», deyilgan qasamyod matnida.
Bundan avvalroq sirdaryolik fermerlar qasamyodidan keyin «Kun.uz»da e'lon qilingan «Fermer qasamyod qilishi lozimmi?» sarlavhali maqolada shunday deyilgandi: «Shaxsni ma'nan cheklash, qasamga tayash — ma'lum ishlarga majburlash uchun uni ma'nan tor «xona»ga solib maqsadga erishishga urinish totalitar tuzumlarga xos bo‘lgan odatdir. Qizig‘i shundaki, mazkur «chora»lar teppa-teskari natija beradi — cheklovlar natijasida rivojdan to‘xtagan, shaxsiy sifatlariga putur yetgan kishilardan iborat tizimlar tezda buzilib, ishlamay qoladi va nihoyat, keng qamrovli bo‘hronga yuz tutadi».
Mazkur holat yuzasidan Adliya vazirligi, Oliy majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili va boshqa tegishli idora va mas'ul shaxslar izohini kutib qolamiz.
Mavzuga oid
16:38 / 06.12.2024
Markaziy Osiyo mamlakatlari vegetatsiya mavsumi uchun suvni taqsimlab oldi
15:57 / 26.11.2024
Kuvayt Sirdaryoda ko‘p qavatli uylar qurishi mumkin
18:31 / 23.09.2024
Qozog‘iston va O‘zbekiston Sirdaryoda 10 ta gidropost tashkil qiladi
08:00 / 13.09.2024