Bolalarning hayot haqidagi 10 ta savoli. Kattalarning hammasi ham javob berolmaydi
Hammamiz maktabda o‘qiganmiz, ko‘pchiligimiz uni a'lo baholar bilan tamomlaganmiz. Biroq hatto sobiq a'lochilar ham ayrim sodda savollarga javob berisholmaydi. Masalan, quyosh nurida nima uchun aksiramiz, nima uchun odam qo‘rqqanida titraydi yoki payvandlash vaqtida nurga qarash nima uchun zarar kabi.
Biz kattalarning hammasi ham javob topa olmaydigan 10 ta bolalarga xos oddiy va qiziqarli savollarni jamladik.
Yorug‘lik nuriga qaraganda nima uchun aksiramiz?
Bilasizmi, yorqin quyoshli kunda ko‘chaga chiqilganida odamlarning 18-35 foizi albatta aksiradi. Bunga birgina yaxshi o‘rganilmagan irsiy jihat sababchi. Kutilmaganda aksa urish fenomeni (yorug‘lik sabab aksa urish refleksi) yorug‘lik nuri ko‘zning nervini qo‘zg‘atib, aksirish uchun javob beradigan retseptorlarga ta'sir qilishidan yuzaga keladi. Gap shundaki, ko‘rish retseptorlari hid bilish retseptori bilan yonma-yon joylashgan. Ularning bari miyaga deyarli bir nuqtadan kiradi. Shu yo‘l bilan miya ko‘rish reaksiyasiga xuddi hid bilishdagidek munosabatda bo‘ladi. Ya'ni u organizmga begona modda tushdi deb hisoblaydi. Miya bu moddadan xalos bo‘lish uchun buyruq beradi va aksirish jarayonini yuzaga keltiradi.
Nima uchun payvandlash nuriga qarash zararli?
Hamma bolaligidan payvandlash vaqtida paydo bo‘ladigan nurga qarash ko‘zlar uchun zarar ekanini yaxshi biladi. Nima uchun bunday ekanidan esa ko‘pchilikning xabari yo‘q. Gap shundaki, elektr payvandlash ishlari vaqtida paydo bo‘lgan yorug‘likda ultrabinafsha nurlarining miqdori katta bo‘lib, u shilliq qavat, ko‘z qorachig‘i va to‘rpardasiga salbiy ta'sir qiladi. Boshqacha qilib aytganda, ultrabinafsha nurlari ko‘z qorachig‘ining kuyishiga olib keladi. Bu holatni kesilishlar ko‘rinishidagi payvandlash nuriga qaragandan bir necha soat o‘tgach kuzatish mumkin. Ko‘zlar ichiga qum tushgandek bo‘lishi, qizarish, ko‘zlarning yoshlanishi kabi belgilar paydo bo‘ladi. To‘liq tuzalish uchun bir necha hafta talab etiladi. Shuning uchun maxsus niqobingiz bo‘lmasa, payvandlash nuriga qaramaslikni o‘tinib so‘raymiz.
Kim aqlliroq: kuchukmi yoki mushuk?
AQShdagi Vanderbilt universiteti olimlari kuchuklarning bosh miya qobig‘ida 530 millionga yaqin neyron borligi, mushuklarda esa bu ko‘rsatkich 250 millionga yaqinligini aniqlashgan. Aynan bosh miyaning qobig‘i fikrlash, rejalashtirish va murakkab xulq-atvor uchun javob beradi, deya qayd etishgan tadqiqotchilar. Miya qobig‘idagi neyronlar soni esa jonivorlar tomonidan o‘z tajribasiga tayanib xulosalar chiqarish qobiliyatiga ta'sir qiladi. Shunday qilib, ishonch bilan aytish mumkinki, kuchuklar mushuklarga qaraganda 2 marta aqlliroq. Aytgancha, taqqoslash uchun: odam bosh miyasi qobig‘ida deyarli 16 milliard dona neyron bor.
Qayerda sovuqroq: Janubiy qutbdagi yoki Shimoliysida?
Ko‘p yillik meteorologik ma'lumotlarga ko‘ra, Janubiy qutbda Shimoliy qutbga qaraganda ancha sovuq. Shimoliy qutbdagi o‘rtacha yillik harorat −34 °S bo‘lsa, Janubiy qutbda bu ko‘rsatkich −48,9 °S darajaga teng. Gap shundaki, Shimoliy qutb okeanning o‘rtasida dengiz sathidan bir necha metrda joylashgan. Bu esa o‘ziga xos issiqlik zaxirasi o‘rnini bosadi. Janubiy qutb esa dengiz qirg‘og‘idan uzoqda va Antarktida markazida dengiz sathidan 2 800 metr balandlikda joylashgan. Bunga qo‘shimcha ravishda quyosh nurining katta qismi oppoq qorda aks etadi. Shuning uchun Janubiy qutb Yerdagi eng sovuq iqlimga ega.
Bir xil ko‘rinishdagi qor parchalari bo‘ladimi?
Bu savolning javobi bir xil ko‘rinishdagi qor parchalarini izlashda qanday yondashishga bog‘liq. Kaliforniya universiteti fizika fanlari professori Kennet Libbrextning ta'kidlashicha, agar qor parchalarining shakliga oddiy mikroskop orqali qaralsa, nazariy jihatdan ikkita bir xil qor parchalarini ko‘rish mumkin. Biroq ularni molekulyar darajada taqqoslansa, ikkita bir xil ko‘rinishdagisini topolmaymiz. Qorning ikkita kristali bir xil tuzilishga ega bo‘lish ehtimoli nolga teng.
Nima uchun qayin daraxtining oq po‘stlog‘ida qora chiziqlar bo‘ladi?
Qayin daraxti nima uchun oq rangda bo‘lishini XVIII asrda rus kimyogari Toviy Lovits tushuntirgan. U daraxt po‘stlog‘idan kristal organik moddani ajratishga muvaffaq bo‘lgan. Moddaga betulin nomi berilgan. Betulin qattiq yelim modda bo‘lib, u sababli po‘stloq suv va havo o‘tkazmaydigan, qattiq sovuqdan himoya qiladigan mustahkam tuzilishga ega. Biroq havo daraxtning tanasi uchun zarur bo‘lgani uchun qora chiziqlar yordamga keladi. Ularning tuzilishi biroz bo‘shroq, hujayralar orasidagi masofa kattaroq. Bu esa daraxtga nafas olishda qo‘l keladi.
Aytgancha, qayin daraxtining yuzdan ortiq turi mavjud. Hamma daraxtlarning tanasi ham qora chiziqli bo‘lmaydi. To‘qroq va hatto olcha rangdagi poyaga ega daraxtlar ham bor.
Nima uchun mushuklar bodringdan qo‘rqadi?
Bir necha yil avval internetda mushuklar bodring bilan qo‘rqitilayotgan roliklar mashhur bo‘lgandi. Eslatib o‘tamiz, roliklarda mushuklarning ovqatlanishi aks ettirilgan bo‘lib, o‘z egasi tomonidan qo‘yilgan bodringni ko‘rib, jonivorlar qo‘rqqanidan sakrab tushgan. Biroq ma'lum bo‘lishicha, gap bodringda emas. Mushuklar ovqatlanish jarayonida maksimal darajada bo‘shashadi. Chunki odatiga ko‘ra, ovqat yeyish joyini xavfsiz sanaydi. Yangi shubhali predmet kutilmaganda paydo bo‘lganida mushukda tabiiy o‘z-o‘zini saqlash instinkti uyg‘onadi. Mushuk qo‘rqqanidan darhol sakrab yuboradi. Mushuklar banan, baqlajon va hatto ananasga ham xuddi shunday reaksiya qiladi.
Nima uchun qushlar pona ko‘rinishida uchadi?
Bari oddiy: parvozning bunday usuli samarali. Pona ko‘rinishida saflanish havo oqimining optimallashtirilishini ta'minlaydi va qushlar parvozga kamroq kuch va quvvat sarflaydi. Shu bilan birga bu usulda yo‘l ko‘rsatuvchini ko‘rish qulay. Qiziq, qushlar qanotlar harakatini ham sinxronlashtiradi. Qayd etish joizki, yirik qushlargina (turna, oqqush va g‘ozlar) pona bo‘lib uchadi. Maydaroqlari esa vazni kam bo‘lgani sabab parvoz vaqtida boshqa aerodinamik hodisalarga duch keladi. Pona bo‘lib uchish ular uchun befoyda. Bu qushlar tarqoq holda parvoz qiladi.
Yonarqo‘ng‘izlar qanday qilib yonadi?
Florida universiteti entomologiya va nematologiya kafedrasi dotsenti Mark Branxamning tushuntirishiga ko‘ra, yonarqo‘ng‘izlar tanasining ichida kimyoviy reaksiyani amalga oshiradi. Bu esa ularga nur taratish imkonini beradi. Nur ishlab chiqishning bu usuli biolyuminessensiya deb ataladi. Yonarqo‘ng‘izlar nur chiqaradigan usul biolyuminessensiyaning eng taniqli misoli sanaladi. Kislorod kalsiy, adenozintrifosfat (ATF) va kimyoviy lyutsiferin bilan birlashganida biolyuminessent fermentining yorug‘ligi hosil bo‘ladi. Aytgancha, qo‘ng‘iz kimyoviy reaksiyaning boshi va oxiri va shu yo‘l bilan yonish vaqtini ham nazorat qila oladi. Olimlarning fikriga ko‘ra, bu hashoratlar qarama-qarshi jins vakillarini jalb qilish uchun nur taratar ekan.
Odam qo‘rqqanida nima uchun titraydi?
Ottavadagi Karlton universiteti neyro ilm-fan bo‘limining neyrobiolog olimi Kim Xellemansning ta'kidlashicha, qo‘rqish vaqtida miya buyrak ustiga signal yuboradi. Ular qonga zo‘riqish gormoni – adrenalin va kortizon ajratadi. Bu gormonlarning vazifasi – organizmni ehtimoldagi jismoniy zo‘riqishga tezda tayyorlash (hujum, himoya yoki qochishga). Bu gormonlar sabab yurak urishi tezlashadi, ko‘z qorachig‘i kattalashadi, tunnelli ko‘rish yuzaga keladi, mushaklar shu darajada qizg‘in tus oladiki, jismoniy faollik (qochish, hujum) bo‘lmasa, tezda qisqarishni boshlaydi. Bu tashqi jihatdan titrash ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Mavzuga oid
14:21 / 10.12.2024
Ukraina RF va egallab olingan hududlardan 5 nafar bolani qaytardi
11:33 / 23.11.2024
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni joylashtirishning muqobil shakllari joriy etilmoqda
10:53 / 16.11.2024
Hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan bolalar ota-onasidan olib qo‘yilishi mumkin
08:10 / 26.10.2024