Jahon | 14:21 / 10.12.2024
1696
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina RF va egallab olingan hududlardan 5 nafar bolani qaytardi

Ukrainaga qaytganlar orasida yaqinda voyaga yetgan uch yigit hamda 11 va 14 yoshli bolalari ota-onasining ukrainaparast pozitsiyasi tufayli Rossiya Federatsiyasida ta’qibga uchragan to‘rt kishilik oila ham bor.

Foto: Telegram / ermaka2022

2022 yil fevralida Rossiya hujumidan keyin Ukrainadan olib ketilgan besh ukrainalik bola o‘z vataniga qaytdi. Bu haqda 9 dekabr, dushanba kuni Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak o‘zining Telegramʼdagi kanalida ma’lum qildi.

Qaytarilganlar orasida - yaqinda voyaga yetgan uch ukrainalik. Yermakning so‘zlariga ko‘ra, ulardan ikki nafari Rossiya Federatsiyasida uzoq vaqt bo‘lib, u yerda psixologik bosimni boshdan kechirgan, uchinchisi esa Rossiya armiyasi tomonidan egallab olingan hududdan Ukrainaga qaytib kelgan. Volodimir Zelenskiyning idorasi rahbari gap qaysi mintaqa haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi.

Bundan tashqari, Ukrainaga mustaqil ravishda evakuatsiya qilinish imkoni bo‘lmagan 77 yoshli ayol hamda 11 va 14 yoshli bolalari ota-onasining ukrainaparast pozitsiyasi tufayli Rossiya Federatsiyasida ta’qibga uchragan to‘rt kishilik oilani qaytarildi. «Ularning hikoyalari odamlar ishg‘ol ostida yashashga majbur bo‘lgan dahshat va qo‘rquvning dalilidir», deb yozadi Yermak.

Ukrainalik bolalarning Rossiyaga noqonuniy deportatsiyasi

2023 yilda Haagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiya prezidentining bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Mariya Lvova-Belovani egallab olingan Ukraina hududidan bolalarni olib chiqib ketishda ayblab, hibsga olishga order bergan edi. Kreml bu ayblovlarni rad etadi.

2023 yil mart oyida Ukraina bolalarni Rossiya Federatsiyasiga majburan deportatsiya qilishning 16 mingdan ortiq holati to‘g‘risida ma’lum qildi. Ukrainadan olib ketilgan ko‘plab bolalar noqonuniy ravishda oilalarga beriladi yoki bolalar uylariga joylashtiriladi.

Mavzuga oid