Iqtisodiyot | 15:10 / 26.11.2018
62789
4 daqiqa o‘qiladi

«Bir xatoni takrorlayverishni qachon to‘xtatamiz?». Bozorda valyuta almashtirganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish haqida

Iqtisodiy taraqqiyot markazi direktori, iqtisodchi Yuliy Yusupov KUN.UZ uchun yozgan maqolasida xorijiy valyutani noqonuniy almashtirganlar uchun jinoiy va ma'muriy javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi haqida so‘z yuritdi.

Qonunchilik palatasi deputatlari 22 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda xorijiy valyutani noqonuniy almashtirganlar uchun jinoiy va ma'muriy javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi

«Qayd etilishicha, mamlakatda chet el valyutasini ayirboshlash erkinlashtirilgandan buyon sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay, xorijiy valyutaning qonuniy muomalasi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar keskin oshib bormoqda». 

Valyutani noqonuniy almashtirish albatta yaxshi emas. Ammo bunga chek qo‘yishni istasak, u holda aholiga ma'muriy bosimni kuchaytirish emas (hammasidan oson va qulayi shu), balki bu holatning sabablarini aniqlash va o‘sha sabablarga qarshi kurashish darkor.

Qora bozor qachon va nima uchun paydo bo‘ladi?

Birinchisi. Bozor ishtirokchilari o‘ta yuqori darajadagi soliqlardan qochishga uringanida. Ammo bizda valyuta operatsiyalarini amalga oshirganlik uchun soliq to‘lanmaydi. Shunday ekan, bu omil qora bozor paydo bo‘lishiga sabab bo‘la olmaydi.

Ikkinchisi. Davlat biror mahsulot uchun ma'muriy tartibda pasaytirilgan narx belgilaganida. Bu holatda talab taklifga nisbatan yuqori bo‘ladi (xaridor uchun narx sotuvchiga nisbatan foydaliroq bo‘ladi) va sun'iy taqchillik kelib chiqadi. Mahsulotning bir qismi (bizning holatimizda xorij valyutasi mahsulot hisoblanadi) yuqoriroq narxda sotiluvchi qora bozorga chiqadi.

Biz bu holat bilan juda yaxshi tanishmiz: 2017 yil sentabrgacha dollarning rasmiy narxi (rasmiy almashtirish kursi) sun'iy ravishda pasaytirilgan va qora bozorda dollar 2-3 baravar qimmat sotilardi. Dollar sotuvchilar valyutani talonchilarcha belgilangan rasmiy kursda sotishni istashmas va shuning uchun uni qora bozorda sotishardi. Valyuta sotib oluvchilar rasmiy kurs bo‘yicha valyuta sotib olisholmas va uni qora bozordan sotib olishga majbur edi.

Hozirgi vaqtda ushbu holat bartaraf etilgan hamda mavjud almashtiruvi kursi talab va taklif muvozanatini ta'minlashi lozim. Agarda bu ta'minlanmasa, Markaziy bank kursni o‘zgartirishi va muvozanatni tiklashi darkor.

Uchinchisi. Bozor ishtirokchilariga mahsulotni erkin sotib olish va sotishga imkon bermaydigan cheklov, to‘siqlar mavjudligi. Bizdagi holat xuddi shunday. Hozirga qadar valyuta operatsiyalari o‘tkazishga, xususan, naqd xorijiy valyuta sotib olishga bo‘lgan cheklovlar saqlanib qolmoqda, Ha, xorij valyutasini kartochkaga sotib olish, keyin uni naqdlashtirish mumkin. Ammo bu ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflanishi demakdir. Bu cheklov nima uchun va qanday maqsadda kiritilganini mutlaqo tushunmayman. Bunda hech qanday iqtisodiy ma'no ko‘rmayapman. Ammo aynan mana shu narsa valyuta qora bozori kengayishiga asosiy sabab bo‘lmoqda. Qo‘shimchasiga, valyuta almashtirish punktlarining kamligi vijdonli sotuvchi yoki xaridorlarning oldi-sotdini rasman amalga oshirishlarini qiyinlashtirmoqda. 

Shunday ekan, agarda shamol tegirmoniga qarshi kurashishni va odamlarni dunyoning rivojlangan mamlakatlarida bemalol amalga oshirish mumkin bo‘lgan valyuta sotib olishni istaganlari uchun jazolashni xohlamasak, biz qora bozor paydo bo‘lishining sabablariga e'tibor qaratishimiz kerak bo‘ladi. Ya'ni, naqd valyuta sotib olishga nisbatan ma'nosiz ma'muriy cheklovlar va almashish punktlarining kamligiga. Bu cheklovni olib tashlash kerak. Hamda tijorat asosida valyuta almashtirish punktlari ochishga ruxsat berish lozim.

Mavzuga oid