O‘zbekiston | 16:00 / 20.02.2021
9186
2 daqiqa o‘qiladi

Viloyat kengashi deputati sayyohlarga qulay bo‘lishi uchun Samarqandda «dollarfurush»larga litsenziya berishni taklif etdi

Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining 19 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida Liberal demokratik partiyasidan saylangan deputat Aziz Ahrorov viloyat hududida «qora bozor»da faoliyat olib borayotgan «dollarfurush»larga qonuniy litsenziya berish taklifini bildirdi.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, Samarqand shahriga kelayotgan chet ellik sayyohlar valuta almashtirishda oshiqcha ovora bo‘lmasligi uchun, viloyat hududida «qora bozor»da faoliyat olib borayotgan «dollarfurush»larga qonuniy litsenziya berish kerak.

«Bugun valuta almashtirish masalasida «qora bozor» yo‘q, deb aytib bo‘lmaydi. Hanuzgacha ko‘p joylarda ular ishlayapti. «Valyutchik»larga litsenziya berib xususiy valuta ayirboshlash shoxobchalarini ochib ishlashiga imkoniyat berilsa ular «soyadan quyosh nuri ostiga o‘tadi». Keyin ularning hisobot berishi ham oson bo‘ladi. Kechalari ular o‘zi ishlaydi, keyin raqobat katta bo‘ladi. Turistik markazda, turistik shaharda turistlar kechasi valuta ayirboshlashda mehmonxona qidirib yurmaydida, borib valuta almashtirish joylarida bemalol ayirboshlayveradi», degan Ahrorov.

Kun.uz muxbiri viloyatda faoliyat olib borayotgan banklarning bir nechtasi bilan mijoz sifatida bog‘lanib, valuta oldi-sotdisi qay vaqtda amalga oshirilishi bilan qiziqdi. Banklarning ba'zisi valuta oldi-sotdisi 16:00 da to‘xtatilishini, ba'zilari faqat sotish 16:00 dan to‘xtatilib, sotib olish 18:00 gacha davom etishini ma'lum qildi. Demak, tijorat banklarining aksariyati sutka davomida bor yo‘g‘i 6-8 soat mobaynida valuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadi.

Mavzuga oid