O‘zbekiston | 13:10 / 28.11.2018
24976
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqid bilan ishdan olingan Narpay tumani tibbiyot birlashmasi rahbari boshqa tumanda rahbar bo‘ldi

Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasiga Lutfullo Saydulloyevich Mahmanov rahbar etib tayinlandi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Qayd etish kerakki, biroz avvalroq Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Kattaqo‘rg‘on shahrida Payariq, Qo‘shrabot, Ishtixon, Paxtachi, Narpay, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on shahri va tumani tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazgandi. 

Hududlardagi davolash-profilaktika muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar bilan ta'minlash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarga tanqidiy baho berilgan uchrashuvda Lutfullo Mahmanov o‘z faoliyatida qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Narpay tumani tibbiyot birlashmasi rahbarligidan olingandi. 

Viloyat rahbari ayrim tumanlardagi tibbiyot muassasalarida bemorlar uchun sharoitning yetarli emasligi, ularni dori-darmon, sifatli oziq-ovqat, ichimlik suvi bilan ta'minlash ahvoli qoniqarsizligini tanqid qilgandi.

Mavzuga oid