Jamiyat | 23:24 / 29.11.2018
3948
2 daqiqa o‘qiladi

Nobel mukofoti sovrindori Maykl Spens: «Sog‘lom munozaralar taraqqiyot sifatini yaxshilaydi»

«2019-2021 yillar uchun iqtisodiy islohotlarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi»​​ taqdimoti avvalida Nyu-York shahridan muloqotga qo‘shilgan mutaxassis – «assimetrik ma'lumotli bozorlar tahlili» uchun 2001 yilgi Iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti laureati, amerikalik iqtisodchi Maykl Spens iqtisodiy islohotlar yo‘l xaritasi to‘g‘risida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Har bir mamlakat o‘z iqtisodiyotini mahalliy vaziyatdan kelib chiqib, oqilona qurishi kerak. Hukumat aholini ijtimoiy himoya qilish va yangi, barqaror ish joylarini yaratishga sarmoya kiritgani ma'qul.

Iqtisodiy islohotlar uchun mo‘ljallangan yo‘l xaritasi, avvalo, fuqarolar uchun oddiy, tushunarli va ochiq bo‘lishi zarur, chunki buning zaminida paydo bo‘ladigan sog‘lom munozaralar taraqqiyot sifatini yaxshilaydi. Yo‘l xaritasi haqida muhokama ketarkan, haqiqiy samaraga ega islohotlargina kun tartibiga qo‘yilishi lozim, aks holda bu quruq siyosiy gap-so‘z bo‘lib qolaveradi. Barchasi o‘zingizga bog‘liq. Biz doimo yordamga tayyormiz», - deydi u.

Ma'lumot uchun, professor Maykl Spens 1943 yilning 7 noyabrida AQShning Nyu-Jyersi shtatida tug‘ilgan. Prinston universiteti bitiruvchisi, Stenford va Harvard universitetlarida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. Stenford universitetida iqtisodiyot professori unvonini olgan. Turli yillarda Polaroid, General Mills, Siebel, Nike va Exult kompaniyalarining direktorlar kengashi a'zosi sifatida saylangan.​

Mavzuga oid