O‘zbekiston | 23:00 / 30.11.2018
9556
8 daqiqa o‘qiladi

«Ijtimoiy fikr» markazi o‘smirlar orasida kun tartibiga oid so‘rovnoma natijalari bilan bo‘lishdi

Jamoatchilik fikrini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi «Ijtimoiy fikr» markazi «O‘smirlar o‘zlari va kun tartibi haqida» ijtimoiy  so‘rovnomasini o‘tkazdi. Kun.uz muxbiriga ma'lum qilinishicha, so‘rovnoma o‘tkazishdan asosiy maqsad o‘smirlarning kun tartibi, uning o‘quvchilar hayot tarziga ta'siri, ularning ijtimoiy yo‘nalish va qiziqishlarini o‘rganishdan iborat bo‘lgan.

So‘rovnoma respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilgan bo‘lib, unda shahar va qishloq joylarida yashovchi 12 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar qatnashgan.

So‘rovnoma natijalari to‘g‘ri tuzilgan kun tartibi, ya'ni o‘qish, dam olish, uyqu, ovqatlanish, jismoniy mashg‘ulotlarga vaqtni to‘g‘ri taqsimlash o‘smirlarning ruhiy va jismoniy shakllanishida muhim rol o‘ynashini ko‘rsatgan. 

Tadqiqot davomida aniqlanishicha, kun tartibidagi buzilishlar o‘smirlarning jismoniy salomatligi va maktabdagi o‘qishida jiddiy aks etadi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘smirlarning tungi uyqu davomiyligi o‘rtacha 8,5 soatdan 9,5-10 soatgacha vaqtni tashkil qiladi. Ma'lumotlar tahlili uyqu rejimining buzilishi asosan (21,1 foiz) katta yoshli o‘smirlarda kuzatilishini ko‘rsatdi va bunday holat ko‘proq (16,9 foiz) shaharda yashovchi maktab o‘quvchilariga xos. So‘rovnomada ishtirok etgan 16 yoshli o‘smirlarning 1,4 foizi uyquga juda kech yotishini aytgan. Bu toifadagi o‘smirlar o‘z xatti-harakatlari, kayfiyati, salomatligi bilan bog‘liq salohiyatli xavf zonasida bo‘lib, pedagog va ota-onalaridan o‘zlariga katta e'tibor talab qilishadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalarining ko‘rsatishicha, aksariyat o‘smirlar (82,9 foiz) muntazam ravishda gigiyenik tartibga rioya qiladi, xususan, yuz-qo‘llarini yuvib, tishlarini tozalaydi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, shaxsiy gigiyena masalasida qiz bolalar mas'uliyatliroq ekani ma'lum bo‘ldi. Ta'kidlash joizki, so‘rovnoma davomida tishlarini ham ertalab, ham kechqurun tozalovchi birorta o‘smir aniqlanmagan.

Shuningdek, so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, 31,8 foiz maktab o‘quvchisi muntazam ravishda badantarbiya bilan shug‘ullanishi ma'lum qilindi; 23,3 foizi - badantarbiya qiladi, biroq muntazam emas; 7,4 foizi - ota-onalari bosimi ostida jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanadi. Har uchinchi o‘smir esa umuman badantarbiya qilmaydi, ular orasida qishloq sharoitlarida yashovchi o‘smirlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Tadqiqot natijalari o‘smirlarning aksariyati kuniga uch marta ovqatlanishini (nonushta, tushlik, kechki ovqat) ko‘rsatdi. So‘rovnoma davomida o‘smirlar ulg‘aygani sari ularning to‘laqonli ovqatlanish rejimi qisqarishi aniqlandi. Bu esa maktab o‘quvchilarining salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, maktabdagi ta'lim  o‘smirlar rejimida asosiy o‘rinni egallaydi, jumladan, har ikkinchi o‘smir maktabda kamida olti soat vaqt o‘tkazadi, har uchinchisi - yetti soatga yaqin, har o‘ninchi o‘smir - sakkiz soatcha. O‘quvchilar katta bo‘lgani sayin ularning maktabda o‘tkazadigan vaqti uzayib boradi, bu yuqori sinflarda o‘quv soatlari va darslar sonining oshishi bilan izohlanadi.

"Ijtimoiy fikr" so‘rovnomasi natijalariga muvofiq, o‘qish jarayoni o‘smirlarga yoqadi, ular umuman olganda o‘z ta'lim muassasalaridagi ta'lim va tarbiya jarayonini ijobiy baholashgan. Shuningdek maktabda tengdoshlari bilan muloqot qilish va turli tadbirlarda qatnashish imkonining mavjudligi ham ta'lim muassasasida vaqt o‘tkazish foydasiga xizmat qilishi aniqlangan. So‘roq qilinganlarning aksariyati maktabda olingan bilimlar ularning kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligiga ishonchi komil. 

  O‘smirlarning aksariyati sevimli darsi sifatida matematika va informatikani qayd etgan. Har beshinchi o‘quvchi ona tili va tarixni sevimli fani sifatida keltirgan. Har o‘ninchi o‘quvchi ingliz tili darsini belgilagan. 

Tadqiqotlar natijalari har ikkinchi o‘smirning biror fan bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar yoki ijodiy to‘garaklarga qatnashini ko‘rsatgan. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar ko‘pincha oliy ta'lim muassasasiga kirish uchun chet tillari, matematika, ona tiliga oid bilimlarni chuqurlashtirish bilan bog‘liq.

O‘smirlik davrida kun tartibini buzishning jiddiy shakllaridan biri - mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborish. Bu o‘smirlarning nafaqat maktab qoidalarini, balki boshqa ijtimoiy normalarni ham buzishga moyilligiga ishora qilishi mumkin. O‘quvchilarning izoh berishlaricha, ular asosan kasallik tufayli darslarni o‘tkazib yuborishgan. Ba'zi o‘smirlar, asosan qishloq joylarda yashovchi o‘quvchilar ota-onalariga yordam berishlari sababli ham mashg‘ulotlarga kelmay qolgan vaqtlari bo‘ladi. Har o‘ninchi o‘smir oilaviy tadbir sabab darsni o‘tkazib yuboradi. Shu bilan birga, o‘quv materialini o‘zlashtirmaganlik va uyga vazifani bajarmaganlik tufayli tekshiruvdan qochib, doska oldida javob berishdan qo‘rqib, nazorat ishlarini yozishni uddalay olmaslikdan xavfsirab darslarni o‘tkazib yuboradiganlar ham mavjud.

O‘smirlarning uyga vazifalarni bajarishga o‘rtacha ikki soat vaqt ketadi. O‘g‘il bolalarga qaraganda qiz bolalar uy vazifalarini tayyorlashga ko‘proq vaqt sarflashar ekan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 65,2 foiz o‘smir uchun o‘qishdan bo‘sh vaqtida eng ahamiyatli mashg‘ulot - do‘stlari bilan muloqot qilish. O‘smirlarning yana bir sevimli mashg‘uloti - televizion ko‘rsatuvlarni tomosha qilish. So‘rovnoma davomida aniqlanishicha, so‘nggi vaqtlarda badiiy adabiyotlar va o‘quv qo‘llanmalarini o‘qish, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish, ijodiy to‘garaklar va sport seksiyalariga qatnash ham o‘smirlar orasida ommalashgan.

Shuningdek 75,9 foiz o‘smir uy xo‘jaligini yuritishda va 72,9 foiz o‘smir kichik uka-singillariga qarashga ota-onasiga yordam berishi aniqlandi. Qishloq joylarda yashovchi o‘quvchilar esa, bundan tashqari, qoramollarni parvarish qilishda ham kattalarga ko‘mak berishadi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, deyarli har uchinchi o‘smir biror bir jiddiy qiziqishga ega emas va bo‘sh vaqtini asosan televizor qarshisida yoki tengdoshlari bilan ko‘chada o‘tkazadi. Biroq "Ijtimoiy markaz" mutaxassislari fikricha, aynan shu yoshda o‘smirlarning band bo‘lishi, ijodga qiziqishi, sport seksiyalariga qatnashi va chet tillarni o‘rganishi juda muhim.

Mavzuga oid