O‘zbekiston | 10:29 / 03.12.2018
21431
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis deputati ayollar ish vaqtini 6 soatgacha qisqartirishni taklif etdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov ayollar ish vaqtini 6 soatgacha qisqartirishni taklif etmoqda, deb yozadi O‘zA.

Deputatning fikricha, bugun oilaning poydevori hisoblangan ayollarning salmoqli qismi faol, mehnat shartnomasi bilan korxona va tashkilotlarga bog‘langan. Ular ish vaqti yakunlanmasidan oilasiga qaytolmaydi. Oilada ona bo‘lmasligi oila poydevorini darz ketishiga olib keladi. Bolalar maktabdan qaytib, ularga “tuhfa qilingan” erkinlikdan bilganlaridek foydalanadilar. Ota bilan deyarli bir paytda kelgan ona ham dam olishga birdek haqli. Munosabatlar inqirozi sekin-asta oilaning inqiroziga olib keladi. Afsuski, aynan shu holat 55 foiz oilalarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

«Ayolsiz oilani mustahkamlash mumkin emas. Yuqoridagi fundamental muammoni bartaraf etish uchun mamlakatimizda ayollarning mehnat qilish faoliyatini belgilovchi normalarga o‘zgartirish kiritish zarur. Masalan, ayollarning ish vaqti soat 16.00 da tugatilishi kerak. Shunda ayol farzandlari va umr yo‘ldoshi uchun vaqt ajratadi. Bu esa o‘z o‘rnida oiladagi er-xotin, ona-bola munosabatlarida ijobiy muhitni yuzaga keltiradi», - deya ta'kidlab o‘tdi xalq vakili.

Eslatib o‘tamiz, Mehnat kodeksiga ko‘ra, hozirgi vaqtda o‘zbekistonliklar kuniga o‘rtacha 8 soatdan ishlaydi.

Mavzuga oid