O‘zbekiston | 23:55 / 10.12.2018
22167
8 daqiqa o‘qiladi

Parlamentning quyi palatasida qonun loyihasi deputatlarning e'tirozi va jiddiy tanqidiga sabab bo‘ldi

10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisining kun tartibiga bir qator qonun loyihalari kiritilgan bo‘lsa-da, lekin yig‘ilish avvalida asosiy bahs-munozaralar 2019 yilga mo‘ljallangan byudjyet-soliq siyosati Kontseptsiyasi ustida kechishi ayon bo‘ldi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

An'anaga ko‘ra, majlis arafasida kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig‘ilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilinganda ham deputatlar “2019 yilga byudjyet-soliq siyosati Kontseptsiyasi va 2020–2021 yillarga prognoz mo‘ljallari qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi xususida qator o‘rinli e'tirozlarini bildirdilar.

Mazkur loyiha 2019 yilgi byudjyet va soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari Kontseptsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, Byudjyet kodeksi, Soliq kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutadi.

Qonun loyihasi 2019 reja yiliga byudjyet siyosati Kontseptsiyasi va 2020–2021 yillar prognoz mo‘ljallarini amalga oshirish maqsadida qonunchilikdagi ayrim normalarning aniq qo‘llanilishi, byudjyetlararo munosabatlar va soliqqa tortish sohasidagi alohida masalalarini tartibga solishning zarur huquqiy sharoitlarini yaratishi lozim edi.

Biroq ushbu qonun loyihasi parlament quyi palatasining qo‘mitalari, fraksiyalarida bo‘lib o‘tgan muhokamalarda deputatlarning bir qator savol va e'tirozlarini keltirib chiqardi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Reglamentiga ko‘ra, Byudjyetnoma tasdiqlangandan keyin u bilan bog‘liq bo‘lgan byudjyet-soliq siyosati haqidagi qonun loyihasi Hukumat tomonidan parlament quyi palatasiga kiritilishi, palata qo‘mitalari hamda fraksiyalarida keng muhokama etilishi va qabul qilingach, 10 kun ichida Senatga yuborilishi kerak. Deputatlar majlisda, avvalo, Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur o‘ta murakkab va muhim qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga juda kechiktirib kiritilganiga e'tiroz bildirdilar.

Prezident qabul qilinayotgan qonunlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, unda havolaki normalar mutlaqo bo‘lmasligi lozimligi haqida bot-bot takrorlab kelayotgan bir paytda mazkur qonun loyihasida ko‘plab havolaki normaning mavjudligi deputatlarning e'tiroziga sabab bo‘ldi.

Parlament vakillarining ta'kidlashicha, loyihaning 71-moddasida xronometraj o‘rganish, ya'ni, tadbirkorlik sub'yektlarining naqd pul tushumi, ishlab chiqarish hajmi, tovar (ish, xizmat) realizatsiyasi xronometraji o‘tkazilayotgan davrda tushumlarning haqiqiy hajmini aniqlash maqsadida tovar (ish, xizmat)larni haqiqiy realizatsiya hajmlarini aniqlashga doir soliq tekshiruvi soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun asos bo‘lishi qonunan belgilanayotgani amaliyotda bir qator muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Sababi, aksariyat ishlab chiqarish hajmi, tovar (ish, xizmat) realizatsiyasida mavsumiy holatlar mavjud bo‘lib, xronometraj o‘rganish ko‘p hollarda tushum ko‘paygan — mavsum ayni qizigan paytlarda o‘tkaziladi. Masalan, salqin ichimliklar bilan savdo qiladigan tadbirkorlik sub'yektlari va ishlab chiqarishlar — yoz jaziramasida, farmatsevtika firmalari — qish chillasida xronometraj qilinishi tadbirkorlik sub'yekti egasiga nisbatan adolatdan bo‘ladimi? Holbuki, tabiiy sharoit, ya'ni, “o‘lik” mavsumlarda tadbirkorlik sub'yektlarining tushumi kamayadi.

Mazkur qonun loyihasida esa soliq to‘lovchida tovar (ish xizmat)lar realizatsiyasidan foyda kamayishi yuzaga kelgan hollarda bu harakat soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik sifatida tasniflanishi belgilanayotgani deputatlarda e'tiroz uyg‘otdi. Vaholanki, bunga boshqa qator obektiv va sub'yektiv omillar ham sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.

Parlament vakillari mazkur qonun loyihasi bilan soliq to‘lovchilarni mavzuli va ekspress-o‘rganishlar tartibi o‘rnatilayotgani haqida ham shunday mulohaza bildirdilar.

Ularning fikricha, mamlakatimizda qonunchilikni bosqichma-bosqich liberallashtirib, tadbirkorga kengroq imkoniyat va erkinlik yaratilayotgan bir paytda mazmun-mohiyati tekshiruvdan boshqa narsa bo‘lmayapti, lekin yangicha nomlangan normalarning “kashf” qilinishidan kim naf topadi? Bu kabi o‘rganishlarning joriy qilinishi tadbirkorlarning vaqtini olib, ish samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, xolos.

Muhokamalarda qonun loyihasida belgilangan yana bir norma — hisobga olish, mavjud ma'lumotlar qonuniylik darajasini oshirish va o‘rganish orqali ma'lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar haqidagi ishonchli ma'lumotlarni to‘plash maqsadida o‘tkaziladigan soliq to‘lovchilarni pasportlashtirish — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq to‘lovchining hududini, bino va inshootlarini, mol-mulkini o‘rganish hamda bu jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari jalb etilishi mumkinligi ham keskin bahs-munozarani keltirib chiqardi.

Deputatlar e'tiroz bildirganidek, axir bu oddiy, kundalik jarayon bo‘lishi kerak emasmi? Shunchaki ro‘yxatga olish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili nega kerak bo‘lib qoldi? Biz fuqarolik jamiyati qurishni targ‘ib qilayotgan bir paytda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi — mahalla bosh-qosh bo‘lishi kerak bo‘lgan mahalla hududida ham faollarning o‘zi ro‘yxatni tuzmasa to‘g‘ri bo‘larmikan? Bu yurtimizdagi noyob hodisa bo‘lgan mahalla instituti nufuzini tushirib yubormaydimi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 dekabrdagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini oshirish, mahalliy byudjyetlarga tushumlarning to‘liqligini ta'minlash bo‘yicha soliq va moliya organlari javobgarligini kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida mahalliy byudjyetlarning daromadini ko‘paytirish, orttirilgan qo‘shimcha daromadlarni mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini kuchaytirish hamda hududlarni rivojlantirishga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan edi. Qonun loyihasida esa, mahalliy byudjyetlarning daromadini hududlarning o‘zida qoldirish masalasi birmuncha mavhum qoldirilgani ham deputatlar e'tiborini tortdi.

Umuman, yig‘ilishda Hukumat tomonidan kiritilgan ushbu qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga, e'tirozlarga olib keldi. Keskin bahs-munozaralar, savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra, deputatlar tomonidan qonun loyihasi muhokamasini kechiktirish, Byudjyet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasiga esa, ushbu loyiha bo‘yicha mas'ul bo‘lgan Hukumat a'zolarini, manfaatdor vazirlik va idoralarning mutaxassislarini jalb etib, loyiha ustida jiddiy ishlashni davom ettirish, barcha deputatlarning taklif va tanqidlarini e'tiborga olgan holda, kelgusi yalpi majlis muhokamasiga kiritish taklif qilindi va ushbu taklif bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Mavzuga oid