Statistika: 2017 yilda jahon bo‘yicha eng ko‘p qurol sotgan davlat AQSh bo‘ldi
Stokgolmdagi tinchlik muammolarini tadqiq qilish xalqaro instituti (SIPRI) jahon bo‘yicha qurol ishlab chiqarilishi haqidagi hisobotni e'lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, qurol savdosi hajmi bo‘yicha yetakchilikni AQSh egallagan. Ikkinchi o‘rinda Rossiya qayd etilgan. 2002 yildan buyon ikkinchi o‘rinni bo‘shatmayotgan Britaniya esa uchinchi o‘ringa tushgan.
Lockhead Martin Corp. va Boeing jahondagi eng yirik qurol ishlab chiqaruvchilar sifatida qayd etilgan bo‘lib, ular orasidagi tafovut bir yil ichida 11 milliarddan 18 milliard dollarga yetgan.
Hisobotda jahondagi 100 ta yetakchi qurol ishlab chiqaruvchilar nomi keltirilgan. Ularning umumiy savdo hajmi 398,2 milliard dollarni tashkil qilgan.
Mart oyida SIPRI qurol eksportining so‘nggi ikki besh yillikdagi statistikasini taqdim etgandi. Unga ko‘ra, 2008-2012 yillar bilan taqqoslaganda, Rossiyaning ushbu bozordagi ulushi 2013-2017 yillarda 4 foizga kamaygan, AQShning ulushi esa 4 foizga oshgan.
Qurol eksporti bo‘yicha yuqori beshlikka AQSh, Rossiya, Fransiya, Germaniya va Xitoy kirgan. Eng ko‘p qurol sotib oluvchi davlatlar esa Hindiston, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA va Xitoy bo‘lgan.