Jahon | 21:20 / 10.12.2018
12891
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Putin «2018 yil odami» unvoniga asosiy da'vogarlar ro‘yxatiga kiritildi

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

Rossiya va AQSh prezidenti Vladimir Putin va Donald Tramp AQShning Time jurnali talqiniga ko‘ra “2018 yil odami” unvoniga asosiy da'vogarlar ro‘yxatiga kiritildi. 

2017 yilda Time jurnali jinsiy tegajog‘liklar haqida birinchi bo‘lib so‘zlagan ayollarni (Silence Breakers) «yil odami» sifatida e'tirof etgandi.

Putin ushbu unvonga 2007 yilda, Tramp esa 2016 yilda loyiq topilgandi.

Hammasi bo‘lib yakuniy ro‘yxatga 10 da'vogar kiritilgan. Ular orasida Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In, Trampning Rossiya bilan aloqalari haqidagi taxminlarni tergov qilayotgan Robert Myuller, Istanbulda o‘ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi, Britaniya shahzodasi Garrining rafiqasi, amerikalik aktrisa Megan Markl, jinsiy zo‘ravonlikni boshdan kechirganlar timsoliga aylangan olima Kristin Blasi Ford, "Qora pantera" filmi rejissyori Rayan Kugler bor.   

Bundan tashqari, ushbu unvonni «ayirilgan oilalar» (Separated Families) – AQSh rahbariyati tomonidan noqonuniy muhojirlarga nisbatan e'lon qilgan «nol toqatlik» siyosati doirasida bir-biridan ayirilgan ota-onalar va farzandlarning umumlashma obrazi olishi mumkin.

Bu siyosat doirasida AQSh-Meksika chegarasini o‘tish vaqtida ushlangan muhojirlar oilalari bir-biridan ajratilib, ota-onalar izolyatorlarga, farzandlar esa maxsus markazlarga jo‘natilgan. Keyinroq Tramp bu siyosatni to‘xtatuvchi farmonni imzolagandi. 

Time jurnali 1927 yildan boshlab har yil ushbu unvonni berib keladi. 50-yillargacha bu unvon insonlarga berib kelingan, keyinroq esa mavhum personajlarga ham berila boshlangan.

Mavzuga oid