Sport | 19:00 / 13.12.2018
21279
3 daqiqa o‘qiladi

Murabbiylar bilan suhbat: O‘zbek boksining buguni, shogirdlarning janglari hamda AQShga safar haqida

Professional boksda faoliyat boshlagan Isroil Madrimovning AQShda o‘tgan ilk professional jangidan so‘ng xorijiy safardan qaytgan boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev va jamoaning katta murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunov Kun.uz tahririyatida mehmon bo‘ldi.

Terma jamoa murabbiylari o‘zbek boksining bugungi holati, jahondagi kuchli professional va havaskor boks maktablari, bokschilarimizning tayyorgarligi va o‘zlarini tutishi, MakGregor va Nurmagomedov jangi, hakamlarning qarorlari to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Murabbiy Rahmatjon Ro‘zioxunov jahon boks maktablari bilan o‘zbek boks maktabini solishtirdi.

«Kuba, AQSh boks maktablarining tajribasi haqida barchamiz yaxshi bilamiz. Shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, jahonning kuchli boks maktabi sanaluvchi - Angliya terma jamoasi vakillari o‘tgan yili O‘zbekistonga kelib, tayyorgarlik ko‘rgandi. Shu jamoaning to‘qqiz vakili Boks bo‘yicha Germaniyada o‘tgan jahon birinchiligiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Men Angliya boks maktabi tarbiyalanuvchilari O‘zbekistonga kelib, tajriba almashganidan xursandman.

Rahmatjon Ro‘zioxunov

AQSh va Kuba boks maktabiga to‘xtalib o‘tsak, AQSh professional yo‘nalishda dunyodagi eng kuchli boks maktabi sanalsa, Kuba havaskor boks bo‘yicha eng tajribali maktablardan. Biz esa jahonda boks bo‘yicha kuchli uchlik peshqadami bo‘lib turganimizdan xursandmiz. Biz bu maqomni saqlab qolish uchun izlanish va harakatdan to‘xtamasligimiz kerak.

Murabbiylar jamoasi sportchilarimizning jismoniy holati va jamoa darajasini barqaror ushlab turish uchun O‘zbekiston boks federatsiyasi bilan maslahatlashib oldi. Bu bilan biz ularni to‘la professional boks izmiga topshirganimiz yo‘q, balki bokschilarimiz Olimpiadagacha, havaskor yo‘nalishdagi nufuzli musobaqalarga qadar tayyorgarlikni susaytirmasligi, maqsadlarimizga yetish uchun kelishib, shu qarorga keldik.

To‘lqin Qilichev

Bundan tashqari, masalan, AQShdagi beshta taniqli boks klubi Isroilning jangidan so‘ng ular bilan fikr va tajriba almashish uchun taklif qilishdi. Biz shularning 2tasiga ulgurdik xolos. 

Aytishim kerakki, oldinlari «O‘zbekiston» yozuvli futbolkani sovg‘a qilsangiz, yo kiyishardi, yoki yo‘q. Hozir bizdan talashib olishadi. Biz bundan juda quvonamiz», deydi murabbiy.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari To‘lqin Qilichev va Rahmatjon Ro‘zioxunov bilan suhbatning to‘liq shaklini quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Mavzuga oid