Sport | 11:53 / 15.12.2018
19950
4 daqiqa o‘qiladi

To‘lqin Qilichev: «Yosh bokschini shogird qilib olishda avvalo ota-onasiga ahamiyat beraman»

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari To‘lqin Qilichev va Rahmatjon Ro‘zioxunov Kun.uz bilan suhbatda Bahodir Jalolov, Shahram G‘iyosov va Isroil Madrimov kabi o‘zbek boksining bir qator taniqli vakillari asosiy jamoaga qanday jalb etilgani haqida gapirib berishdi.

Terma jamoa katta murabbiyi Ro‘zioxunovning aytishicha, ushbu sportchilarning bugungi darajaga yetishida bosh murabbiy To‘lqin Qilichevning hissasi katta bo‘lgan.

Rahmatjon Ro‘zioxunov

«Oddiy misol sifatida Jalolovni oladigan bo‘lsak, u o‘zi darvozabon bo‘laman deb futbolga kelgan sportchi edi. Qilichev unga tushuntirib, to‘g‘ri yo‘lga boshlagan. Hozir esa u boksda yulduz darajasiga chiqib bormoqda.

Shahram G‘iyosovni men Xitoydagi chempionatda kuzatgan edim. Xitoylik jangchilarni qanday chiroyli yutib qo‘yganidan hayron qolib: «Bu Roy Jons ekan-ku» deganman. U Samarqanddagi respublika birinchiligida g‘olib chiqib, Xitoydagi Osiyo chempionatida Olimpiada litsenziyasini qo‘lga kiritdi», - deydi Ro‘zioxunov.

«Hozir terma jamoada sportchilar juda ko‘p – 120-130 nafar bokschi yig‘ilgan. Ularning orasidan tanlab olish oson, chunki u yerga tayyor sportchilar keladi. Lekin To‘lqin kabi ularni yoshligidan tanlab olish, unga mehrini berish va ulg‘aytirish katta mehnat talab qiladi. Nima uchun?

Chunki bitirganidan keyin Murodjon o‘z uyiga – Namanganga, Jalolov vohaga, Madrimov Xorazmga va shu kabi boshqalar ham o‘z viloyatlariga ketishi kerak edi. Ammo [Qilichev] ularni ketkizmasdan, o‘z yonidan uy olib, ovqatlanish sharoitini yaratib, Chirchiqda olib qoldi va shug‘ullantirishda davom etdi. Chunki endi hosil beraman, degan paytda o‘qishini bitirib ketishi kerak. Ular keyinroq institutga kirishdi. Shu tariqa, To‘lqin bu bokschilarni asta-sekinlik bilan olib chiqqan», - deya ta'kidlaydi Rahmatjon Ro‘zioxunov.

Bosh murabbiy To‘lqin Qilichevning o‘zi esa yosh shogirdlarni tanlab olishda qaysi jihatni birinchi navbatda inobatga olishi haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.

To‘lqin Qilichev

«Yosh shogirdlarni tanlashda men birinchi navbatda ota-onasi bilan gaplashaman. Bu zo‘r, tilla bola bo‘lishi mumkin, lekin ota-onasi sizning qaroringizni qo‘llab-quvvatlamasa, foydasi yo‘q. Ular bilan gapingiz bir joydan chiqmasa, ish bo‘lmaydi.

Bola yig‘lab borganda ham ota-ona: «Murabbiying nima desa, shu to‘g‘ri» deb tursa, shundagina bu bolani olaman. Chunki men qattiqqo‘l munosabatda bo‘laman. Shunga muvofiq natijaga ham javob beraman. Ota-onaning sizni qo‘llab-quvvatlashi juda muhim: agar ota-ona bolani u yoqqa, siz bu yoqqa tortsangiz, bola o‘rtada qoladi.

Isroil ham, Murodjon ham, Bahodir ham, Mahmud, Shunqor – hammasining ota-onasi shundayki, o‘g‘lini ishonib topshira oladi» – deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Qilichev.

Intervyuni to‘liq shaklda Kun.uz`ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Mavzuga oid