O‘zbekiston | 21:04 / 15.12.2018
21894
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi «Yosh kitobxon» tanlovida «Spark» avtomobilini qo‘lga kiritdi

Foto: O‘zbekiston Yoshllar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov

Bugun, 15 dekabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan «Yosh kitobxon» tanlovining 20-30 yosh toifasidagi respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi.

MTRKning Media markazida o‘tgan yakuniy bosqichda  14 nafar qatnashchilar «O‘zbek adabiyoti bilimdoni», «Jahon adabiyoti bilimdoni», «Buyuk mutafakkir va adib» hamda «She'riyat» kabi 4 ta shart bo‘yicha bellashishdi.

Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov
Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov
Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov
Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov

Shoirlar, yozuvchilar, o‘qituvchilar, jurnalistlar va boshqa mutaxassislardan iborat hakamlar hay'ati ishtirokchilarni baholashda ularning belgilangan kitoblarni o‘qiganligi, asarning mazmun-mohiyatini tushungani va uni tahlil qilib bera olish qobiliyatiga qarab baholab borishdi.

Tanlovning so‘nggi sharti «She'riyat» yo‘nalishida Toshkent viloyatidan Dilnavoz Najimova, Toshkent shahridan Shohsanam Xolboyeva va Andijon viloyatidan Shohsanam Karimovalar taniqli shoirlar Usmon Azim, Sirojiddin Said, Abdulla Oripov hamda Muhammad Yusuf qalamiga mansub she'riy satrlarni badiiy tahlil qilishda muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.

Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov
Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov

Xorazmlik Akbar Otaboyev, buxorolik Salomat Subxonova, surxondaryolik Javlonbek Xurramov, qoraqalpog‘istonlik Abbos Reimov va navoiylik Asliddin Jarkenov, qashqadaryolik Surayyo Shodiyeva hamda farg‘onalik Maftuna Muhammadaminova, sirdaryolik Dilfuza Qosimova, namanganlik Mohira Munavvarova, jizzaxlik Dilnavoz Ilhomova, samarqandlik Kamola Musulmonovalar esa mazkur shartda o‘z hisoblaridagi ballarga o‘zgartirish kirita olmadi.

Umumiy baholash natijalariga ko‘ra Toshkent shahridan Toshkent davlat pedagogika universitetining 3-bosqich talabasi Shohsanam Xolboyeva 327,2 ball bilan «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi «Spark» avtomobili va «Kitob olami» do‘koniga 3 oylik xarid uchun 20 foiz chegirmaga sazovor bo‘ldi.

Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov
Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov

— O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilgan «Yosh kitobxon» tanlovi respublika bosqichiga tayyorgarliklar davomida 60 dan ortiq kitoblarni o‘qib chiqdim. Mazkur tanlovda g‘olib bo‘lishga ahd qilib, tayyorgarliklarga puxta yondashdim. Uyimizda ota-onam kichik kutubxona yaratib bergan. Bu kabi imkoniyat va shart-sharoitlar uchun ulardan cheksiz minnatdorman. Tanlovgacha tinimsiz o‘qidim, asarlarni tahlil qildim. Yodda qolishi uchun eng muhim nuqtalarni daftarimga qayd etib bordim. Bugun esa ko‘p kitob o‘qib, badiiy savodxonligimni oshirganligim natijasida Prezident sovg‘asi “Spark“ avtomobiliga sazovor bo‘ldim, — deydi tanlovning 20-30 yosh toifasidagi ishtirokchilarining mutlaq g‘olibi Shohsanam Xolboyeva. — Hozirga qadar 400 dan ortiq badiiy asarni o‘qib chiqqanman. Mutolaalarim davomida Usmon Nosir, Lev Tolstoy, Paulo Koelo kabi adiblarning ijodini katta qiziqish bilan o‘qidim. Kelajakda eng sevimli, malakali o‘qituvchi bo‘lib, o‘zim kabi yosh kitobxonlar davrasini kengaytirishni maqsad qilganman.

Toshkent viloyatidan Dilnavoz Najimova 264,5 ball bilan 2-o‘rinni egallab, kompyuter jamlanmasi va «Kitob olami» do‘koniga 3 oylik xarid uchun 15 foizlik chegirma bilan taqdirlandi.

Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov

Jizzaxlik Dilnavoz Ilhomova esa 259,2 ball bilan 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, 200 ta kitoblar jamlanmasi va «Kitob olami» do‘koniga 3 oylik xarid uchun 10 foizlik chegirmaga ega bo‘ldi.

Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov

 

Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov

Tanlovning barcha ishtirokchilari «Dugonalar» va «Yosh kuch» jurnali hamda «Yoshlar ovozi» gazetasiga 1 yillik bepul obuna bo‘ldi. 

—Farzandlarimizning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish, ularning orasida sog‘lom raqobatni uyg‘otishga qaratilgan “Yosh kitobxon” tanlovi boshlanguniga qadar 50 ta badiiy asar mutolaa qilgan bo‘lsa, hozirga qadar ularning soni 3 barobarga ko‘paydi. Bu esa “Yosh kitobxon” tanlovining yoshlarimizni sog‘lom muhitda o‘zbek va jahon adabiyotidan uyg‘oq tarzda voyaga yetishiga zamin yaratmoqda, – deydi Kamola Musulmonovaning otasi Husniddin Musulmonov. — Birgina “Yosh kitobxon” tanlovi qanchadan qancha yoshlarimizni kitob bilan inoqlashtirdi. Adolatli va shaffof tarzda o‘tgan tanlovni tashkillashtirgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati\Rustam Nazarmatov

2018 yilgi «Yosh kitobxon» tanlovining saralash bosqichlarida 20-30 yosh toifasidagi 1128 nafar ishtirokchi o‘z bilimini sinab ko‘rdi.

Shahnoza Nurillayeva

Mavzuga oid