Jamiyat | 11:20 / 18.12.2018
24715
7 daqiqa o‘qiladi

Qabriston uchun ajratilgan yer nega aholi e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda? Past Darg‘omdagi yechimini kutayotgan muammo

Bu dunyoda hech kim mangulikka doxil emas. So‘nggi borar manzili aniq. Shu bois ham qabristonlarni pokiza saqlash va obodonlashtirish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi.

Bu borada aniq tartib-qoidalarni o‘zi ichiga olgan bir qator me'yoriy hujjatlar ham mavjud. Shunga asosan dafn etish joylari uchun yer ajratish, tashkil qilish, saqlash va ulardan foydalanish belgilangan qoidalarga asosan amalga oshiriladi.

Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati, Past Darg‘om tumanidagi Rovot mahallasida istiqomat qiluvchi kishilardan kelib tushgan murojaatda aynan qabriston uchun ajratilgan qo‘shimcha yer masalasida norozilik bayon etilgan. 

Ushbu murojaatni o‘rganish uchun qishloqqa yo‘l oldik. Shikoyat yo‘llagan fuqarolar bilan ko‘rishdik va ularning e'tirozlarini tingladik.

«Uyimiz yaqinida mahallamiz qabristoni joylashgan. Xonadonlar va qabriston orasida 100 metrga yaqin bo‘sh yer bor edi. Yaqinda tuman hokimi shu joyni qabriston hududiga qo‘shish haqida qaror chiqarib beribdi. Endi qabriston devori uyimizning yonidan tushyapti. Muhofaza hududlari va sanitariya me'yorlari inobatga olinmayapti», – deyishdi qabristonga yaqin istiqomat qiluvchilar.

Ma'lum bo‘lishicha, joriy yilning 11 oktabr kuni Past Darg‘om tumani hokimining Rovot mahallasi Q.To‘rayev massivi hududida joylashgan tuman hokimligi zaxira yer maydoni hisobidan mavjud bo‘lgan qabriston to‘lgani sababli 98-konturdagi 0.49 gektar yer maydoni qo‘shib berilishi haqida qarori chiqqan.

Ammo tuman hokimi qarori yetarlicha o‘rganilmasdan chiqarilgan. Sababi, qabriston hududini ko‘zdan kechirganimizda hali 2 gektardan ziyod bo‘sh hudud borligiga guvoh bo‘ldik.

Qolaversa, ushbu qaror chiqarilishi qonunchilikda belgilangan tartib-qoidalarga qanchalik to‘g‘ri keladi?

Ushbu savolga javob topish maqsadida tuman mutasaddilari bilan suhbatlashdik.

2010 yil 27 dekabrdagi «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida yangi dafn etish joylarini barpo etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish ekologik ekspertiza xulosasi va sanitariya-gigiyenik xulosa bo‘lgan taqdirda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda diniy tashkilotlarning takliflari inobatga olingan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi qayd etilgan.

Past Darg‘om tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi bosh mutaxassisi Alisher Qilichev bizga taqdim etgan tuman hokimi qarori va unga tegishli hujjatlarda Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan berilgan davlat ekologik ekspertizasi xulosasi va tuman yangi qurilish inshootlari uchun yer tanlash va ajratish hay'ati dalolatnomasi mavjud. Ammo sanitariya-gigiyenik xulosa mavjud emas.

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan berilgan davlat ekologik ekspertizasi xulosasida ham qabriston to‘lib qolgani ko‘rsatilgan. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, qabriston hududida hali 2 gektardan ziyod bo‘sh yer mavjud. Demak, holat yetarlicha o‘rganilmasdan xulosa qilingan.

Bu masalada tuman davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi bo‘lim mudiri Bayot Adirovdan izoh so‘radik.

«O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining «Qabristonlarni joylashtirish va saqlash to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston sharoitida aholi punktlarini loyihalash, qurish va joylashtirish to‘g‘risida»gi sanitariya me'yor va qoidalari ishlab chiqilgan. Ularga ko‘ra, qabristonlarning sanitariya himoya zonasi eng kamida 100 metr deb belgilangan», – deydi mutaxassis.

Unda qabriston hududiga qo‘shimcha yer ajratilishida nega bu tartibga amal qilinmagan? Tuman yangi qurilish inshootlari uchun yer tanlash va ajratish hay'ati tarkibida bo‘lgan tuman DSENM bosh vrachi Sh.Mirzayeva dalolatnomaga imzo chekayotganda nega bu me'yorlarni inobatga olmagan? Axir, hozirda qo‘shimcha yer ajratilgandan keyin xonadonlar va qabriston orasi bor-yo‘g‘i 10-12 metrni tashkil qiladi.

Bu borada tuman DSENM bosh vrachi Sh.Mirzayeva bilan suhbatlashishning imkoni bo‘lmadi.

Aniqlanishicha ushbu holatdan norozi bo‘lgan fuqarolar ancha yillar avval noqonuniy qurilishlarni amalga oshirgan. Qurilgan binolar 2009 yilda buzib tashlangan. Bunga esa o‘sha vaqtdagi tuman DSENM bosh vrachining «qabristonlarning sanitariya himoya zonasi eng kamida 100 metr deb belgilangani» haqidagi xulosasi sabab bo‘lgan. O‘sha payti amal qilingan tartib, o‘sha yer qabristonga qo‘shib berilishida e'tiborsiz qoldirilgan.

Ushbu holat yuzasidan Past Darg‘om tumani hokimi B.Sadullayev bilan uchrashdik.

«Ravot mahallasining bir guruh faollari qabristonga qo‘shimcha yer ajratishni so‘rab murojaat qilgandi. Bu masalada Prezident virtual qabulxonasiga, viloyat rahbariyatiga va yana bir qator tashkilotlarga ham shikoyat qilishdi.  Hatto meni ham bu ishga e'tiborsizlikda ayblashgan. Shuni inobatga olib, ularning istagini bajardik. Ammo bu mahallaning yana bir guruh aholisi manfaatlariga zid keldi. Shu tufayli muammo kelib chiqdi. Albatta, bu masalani yana ko‘rib chiqamiz. Norozi fuqarolar o‘z huquqlari ta'minlanishi uchun bemalol tegishli tartibda sudga murojaat qilishsin. Agar qaror belgilangan me'yorlarga javob bermasa, unda sud qarori bilan uni bekor qilamiz», – deydi tuman hokimi.

«Hammaning borar joyi shu yer. Qabriston hududi kengaytirilganiga e'tirozimiz yo‘q. Ammo belgilangan tartibga amal qilishsin. 100 metr bo‘lmasa ham 25-30 metr sanitariya himoya hududi qoldirishsa yaxshi bo‘lardi», – deydi Aliqul Mustofoyev.

Ayni vaqtda mazkur masala yuzasidan shunday nizoli holat yuzaga kelgan. Mazkur masalaga tuman mutasaddilari jiddiy e'tibor qaratishsa muammoga ijobiy yechim topilishi shubhasiz.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid