Jamiyat | 13:28 / 18.12.2018
69777
7 daqiqa o‘qiladi

Yana o‘sha gripp. Shifokorlar nima deydi? 

Kun.uz «Sog‘lom hayot» loyihasi orqali ko‘p uchrayotgan kasalliklar to‘g‘risida ma'lumot berishda davom etadi. Kunlar soviy boshlagani sari yuqumli kasalliklar avj oladi. Gripp ana shunday yuqumli viruslardan biri bo‘lib, vaqtida oldini olmaslik va davolamaslik og‘ir asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin. Gripp nima? Kelib chiqish sabablari, yuqish yo‘llari va davolanish usullari qanday? Bu kasallikka chalinmaslik uchun nimalarga e'tibor berish kerak? Shifokor Kamola G‘ulomova bilan savol-javob usulida mavzuni yoritishga harakat qilamiz.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Gripp nima? 

Gripp — virus, o‘tkir infeksion respirator, ya'ni nafas yo‘llari kasalligidir. Gripp virusi yuqumli bo‘lib, uning inson tanasiga kirishi kasallik rivojlanishiga olib keladi. Kasallik tana harorati ko‘tarilishi bilan birga kechadi.

Gripp virusi alomatlari

• Tana harorati ko‘tarilishi — 39°C va undan yuqori;

• Kuchli titroq;

• Holsizlik;

• Mushaklar va bo‘g‘imlardagi og‘riq;

• Qattiq bosh og‘rig‘i

• Ko‘z yoshlanishi;

• Yorug‘likka sezuvchanlik.

Intoksikatsiya ( lot. in – ichki va toxikon – zahar) – odam yoki hayvon organizmiga tashqaridan tushgan (ekzogen) yoki uning o‘zida hosil bo‘lgan (endogen) turli zaharlar ta'sirida ro‘y beradigan kasallik holati) bilan birga parallel ravishda respirator (nafas yo‘llari kasalligi) alomatlar kuzatiladi:

• Tomoq og‘rishi;

• Quruq yo‘tal;

• Burun oqishi.

Ba'zida qorin og‘rig‘i va ich ketishi kuzatiladi. Grippda yuqori tana harorati bir necha kungacha davom etishi mumkin, ko‘pincha isitma tushiruvchi dorilar ta'siri natijasida pasaymaydi. Kasallik asoratlarsiz bo‘lsa, gripp 7-10 kun davom etadi. Bu vaqt davomida gripp alomatlari asta-sekin yo‘q bo‘lib ketishi yoki umumiy holsizlik ikki haftagacha davom etishi mumkin.

Foto: Shutterstock

Gripp virusi shakllari

Grippning boshqa o‘tkir respirator virusli infeksiyalar kabi yengil, o‘rta, og‘ir va juda og‘ir shakllari bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, kasallikning asoratlarsiz va asoratli shakllari farqlanadi.

Grippning rivojlanish sabablari

Kasallikning yuzaga kelishi sababi – yuqori nafas olish yo‘llari shilliq qavatining gripp viruslari tomonidan shikastlanishidir. Infeksiya (kasallik) manbai gripp bilan kasallangan odam. Kasallik yuqishining asosiy yo‘nalishi havo-tomchi yo‘llari: yo‘talish, aksa urish, o‘zaro yaqin suhbatlashish va hatto oddiy nafas olish. Virus maishiy yo‘l bilan ham yuqishi mumkin — ro‘molcha, taomlar, choyshab orqali. Gripp virusi juda yuqumli.

Grippni tashxislash

Grippni tashxislash odatda klinik ko‘rikka asoslanadi. Tana harorati keskin ko‘tarilishida imkon qadar tezroq shifokorga murojaat qilish kerak. Gripp bo‘lganda shifokorning nazorati juda muhimdir, chunki bu mumkin bo‘lgan bakterial asoratlarning boshlanishini o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi. Asoratlar haroratning qayta ko‘tarilishi, yo‘tal kuchayishi va umumiy holat biroz yaxshilangandan keyin yana yomonlashishi kabi belgilarda ko‘rinadi va odatda kasallikning 4-5-kuniga to‘g‘ri keladi. Bu holatda qo‘shimcha tahlillar o‘tkazish kerak — umumiy qon tahlili, ko‘krak qafasi va sinuslar rentgenogrammasi.

Foto: Pixabay

Grippni davolash va kasallikni yengillashtirish

Grippni davolash kompleks muolajalarni talab qiladi, lekin gripp bilan kurashishda va organizmning tiklanishida immun tizimi katta rol o‘ynaydi. Shuning uchun immunitetni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini ko‘rish zarur. To‘liq dam olish, ko‘p suyuqlik ichish, spirtli ichimliklar va chekishni cheklash tavsiya etiladi. Ayni paytda samarali dorilar grippning davomiyligini, isitma va boshqa alomatlarini sezilarli darajada kamaytiradi. Antibiotiklar faqat ikkilamchi bakterial kasalliklar mavjud bo‘lgandagina buyuriladi, ular viruslarga qarshi umuman samara bermaydi, lekin ko‘pincha xalq orasida shamollash yoki gripp alomatlari kuzatilganda shifokor ko‘rsatmasisiz antibiotiklarni qabul qilish keng tarqalgan. Antibiotiklarni viruslarga qarshi qabul qilish samara bermaydi, bakteriyalarning antibiotiklarga qarshiligini ham oshiradi.

Foto: Shutterstock

Grippning asoratlari

Gripp virusi nafas yo‘llari epitelial hujayralariga ta'sir qilgani bois kasallikning asoratlari natijasida bakterial kasalliklar, jumladan bronxit, pnevmoniya (o‘pka yallig‘lanishi), otit (quloq yallig‘lanishi), gaymorit yoki boshqa sinus yallig‘lanishlariga olib kelishi ehtimoli bor. Jiddiy bakterial asoratlarga — meningit, miya qobig‘i yallig‘lanishi misol bo‘la oladi. Gripp, shuningdek, bemorda mavjud surunkali kasalliklarni ham kuchaytirishi mumkin.

Grippning oldini olish choralarini qo‘llash

Grippning oldini olishning eng samarali yo‘li — o‘z immun tizimini butun yil davomida yaxshi holatda saqlash hisoblanadi. Immunitetni mustahkamlashning turli yo‘llari bor, bular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

• Tanani chiniqtirish;

• Faol hayot tarzi;

• To‘g‘ri va muvozanatli oziqlanish;

Boshqa asosiy tibbiy usul bu emlash bo‘ladi. Vaksinatsiya gripp mavsumi boshlanishidan 2-3 oy oldin (odatda oktyabr-noyabr oylarida) virus muayyan turiga (shtamm) qilinadi. Shuningdek, epidemiya davrlarida profilaktik chora-tadbir tarzida antivirus preparatlardan foydalanish tavsiya etiladi. Gigiyena qoidalariga rioya qilish, kasallangan odamlardan yiroq yurish, maxsus niqoblar taqish, oila a'zolari kasallanganda tozalikka e'tibor qilish va xonani tez-tez shamollatish kasallanish ehtimolini kamaytiradi.

Rahmatillo Isroilov tayyorladi

Mavzuga oid