«O‘zbekenergo»: «Import qilingan energiyani zarariga sotmaymiz»
Bugun, 19 dekabr kuni «Taraqqiyot» strategiyasi markazida «O‘zbekenergo» AJ rahbariyati va yetakchi mutaxassislari ishtirokida «2018 yilda iste'molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash borasidagi faoliyat: erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
«O‘zbekenergo» AJ rahbari Ulug‘bek Mustafoyev jurnalistlar bilan muloqot davomida jamiyat faoliyati yuzasidan ma'lumotlar berib o‘tdi.
«Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 85 foizi gaz, mazut va ko‘mir yoqish orqali hosil qilinadi. «O‘zbekenergo» ming kub gazni 289 ming so‘m (taxminan 30-32 AQSh dollaridan) xarid qiladi. Bu gaz agar jahon bozoriga erkin narxda chiqarilsa, kamida 120 dollardan sotiladi. Shu bois, gazga muqobil vositalar orqali elektr energiyasi olish masalasi juda muhim. 13 foiz elektr energiyasi gidroelektrostansiyalar orqali olinadi.
Quyosh energiyasining bir kilovatti 4-8 sentga tushmoqda. Bu hozircha iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamayapti va ommalashishiga to‘sqinlik qilyapti.
Tizimdagi liniyalarning 67 foizi, transformatorlarning 57 foizi eskirgan. Ammo bu ularning barchasini almashtirish shart degani emas, ko‘pchiligini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish mumkin. Ko‘pchilik yog‘ochli simyog‘ochlarni ko‘rsatib tanqid qiladi. Alohida aytmoqchimanki, yog‘och simyog‘ochlar hali ishlab chiqarishdan olinmagan, ularning ham o‘z o‘rni bor», degan u.
Kun.uz muxbiri jamiyat raisiga «Xorijdan elektr energiyasi import qilib, aholiga sotish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydimi, agar oqlasa nima uchun import hajmi ko‘paytirilmaydi?», degan savol yuzlangan.
«Jamiyatimiz import qilingan energiyani zarariga sotmaydi. Foydali bo‘lsa nega ko‘paytirilmaydi, degan savolga javob shuki, qo‘shnilarimizning ham eksport imkoniyalari cheklangan. Ko‘pchilik o‘zimizda tanqislik bo‘lib turgan bir paytda Afg‘onistonga eksport qilishimizni tanqid qiladi. Shuni alohida ta'kidlamoqchimanki, biz o‘zimizda ishlab chiqarilgan va birinchi navbatda xalqimiz uchun mo‘ljallangan elektr energiyasini sotmayapmiz. Sababi bizda import hajmi eksportdan baland – ya'ni biz foydali asoslarda xorijdan olganimizni sotyapmiz. Qiziq holatga e'tibor qarating, qo‘shnilarimiz bilan deyarli barcha sohalarda aloqa uzilib qolgan holatlarda ham elektr energiyasi uzatish bo‘yicha hamkorlik saqlanib qolingan. Bugungi kunda shu hamkorlikdan yanada samarali foydalanayapmiz xolos», deya javob qaytargan u.
Mavzuga oid
12:40 / 19.12.2024
Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi
12:23 / 19.12.2024
Manba: Jizzax viloyati hokimi ishdan olingan
14:11 / 16.01.2023
Video: Prezident energetika sohasi mas’ullarini tanqid qildi
10:55 / 27.08.2021