O‘zbekiston | 16:29 / 21.12.2018
9557
3 daqiqa o‘qiladi

4 ta hududda o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishga qaratilgan loyihalar ishga tushirildi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 4 ta hududda yuqori sinf o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirishga qaratilgan loyihalarni ishga tushirdi.

Loyiha hamkori sifatida MyWay rivojlantirish va kasbga yo‘naltirish markazi qatnashmoqda.

Yuqori sinf o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish loyihasi uchun Respublikaning 4 hududidan – Toshkent shahridagi 18 va 225-sonli maktablar, Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahridagi 5-sonli maktab, Jizzax shahridagi 1-sonli hamda Guliston shahridagi 11-sonli maktablardan iborat 5 ta maktab tanlab olingan. Loyiha doirasida 9-10-11-sinf o‘quvchilaridan jami 929 nafari ishtirok etadi.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad – kasb tanlovini o‘zlari anglagan holda amalga oshirishlari uchun maktab o‘quvchilariga yordam ko‘rsatish, bu yo‘lda ularning individual xususiyatlariga mos psixologik tayyorgarliklarini shakllantirish, shuningdek, bo‘lg‘usi sohalarni rejalashtirishda o‘quvchilar omilkorligini oshirish hisoblanadi. Kasbga yo‘naltirish dasturi HP uskunasida o‘tkaziladigan kompyuterli test sinovi va amaliy seminardan iborat. Dastur yakuni bo‘yicha har bir o‘quvchiga test natijalari hamda alohida maslahatlar beriladi.

19 dekabr kuni bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahridagi 5-sonli umumta'lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari bilan uchrashdi. Vazir ochiq muloqot shaklida o‘smirlar bilan anglashilgan kasb tanlovining ahamiyati borasida fikrlashib, zamonaviy mehnat bozorining muhim jihatlari haqida so‘zlab berdi. 

Uchrashuvda qatnashgan “MyWay Proforientation” MChJ direktori Vyacheslav Kan hamkor “Gumanitar texnologiyalar” test o‘tkazish markazi tomonidan taqdim etilgan kompyuterli ekspress-test sinovi maktablarda qo‘llash uchun qulayligi va butun MDH bo‘yicha ko‘plab hududlarda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotganini ta'kidlab o‘tdi. Test sinovidan O‘zbekistonning barcha bolalari birdek foydalana olishi uchun kompaniya mazkur dasturni o‘zbek tiliga o‘girish va moslashtirish ishlariga kirishgan.

Uchrashuv yakunida Sherzod Kudbiyev maktab kutubxonasiga sovg‘a tariqasida “yumshoq ko‘nikmalar”ni rivojlantirish va shaxs sifatida kamol topishga ko‘maklashuvchi zamonaviy kitoblar to‘plamini taqdim etdi.

Loyihani amalga oshirish natijalariga ko‘ra Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan maktab va kollej o‘quvchilari orasida kasbga yo‘naltirishni joriy etish bo‘yicha tahliliy material va tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Mavzuga oid