Jahon | 19:18 / 02.05.2024
9186
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya eng mehnatkash aholiga ega mamlakat maqomini yo‘qotdi

Nemislar endi mashaqqatli mehnatga ishonmaydi, ular ko‘proq dam olmoqda. 

Foto: Getty Images

Germaniya eng mehnatkash xalqqa ega bo‘lgan mamlakatlar reytingida birinchi o‘rinni boy berdi. Bild nashriga ko‘ra, tahlilchilar yiliga bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha ish soatlarini hisoblab chiqib, mehnatsevarlar reytingida Germaniyani oxiridan beshinchi o‘ringa qo‘ygan. Oldin ular an’anaviy tarzda yuqori o‘rinlarni egallab kelgan. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Yangi Zelandiya eng mehnatkash xalqli mamlakat bo‘lib chiqdi. Chexiya, Avstraliya, Polsha va AQSh ham yetakchilar safida joylashgan. 

2022 yilda bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha ish soati. Bild.de 

Statistikani nemis mutaxassislari tasdiqlagan. Ularning ta’kidlashicha, hozir har bir nemis haftasiga taxminan 34,7 soat ishlaydi. Bu Germaniya tarixidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Mamlakat aholisi tobora ko‘proq ta’tilga chiqmoqda, uning davomiyligi doimiy ravishda oshib bormoqda. Bundan tashqari, ko‘pchilik yarim kun ishlamoqda. Shu sababdan Germaniyada mehnat unumdorligi 1970 yilga nisbatan to‘rt baravardan ko‘proq kamaygan. 

O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, nemislarning 72 foizi mashaqqatli mehnat uchun yetarli darajada haq to‘lanmaydi, degan fikrda. Faqat 20 foizi mehnatni qadrli deb hisoblamoqda. Nashrga ko‘ra, aynan shu fazilat Germaniyada o‘nlab yillar davomida farovonlikni ta’minlagan. 

Ishga bo‘lgan ishonch ham susayib bormoqda: so‘rovda qatnashganlarning aksariyati (41 foiz) xodimlar uchun haftalik ish soatlarining ko‘payishi Germaniya iqtisodiyotining gullab-yashnashiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi, deb hisoblaydi. 

Tahlilchilar mashaqqatli mehnatning kamayib ketishi sabablaridan biri sifatida Germaniya soliq tizimini ham keltirgan. Mamlakatda yuqori daromad uchun juda katta soliq solinadi, shuning uchun nemislar kamroq ishlashni afzal ko‘radi, deb yozdi nashr. 

O‘z navbatida aksariyat nemislar butun mamlakat bo‘ylab 4 kunlik ish haftasining joriy etilishini tanqid qilmoqda. So‘ralganlarning nisbiy ko‘pchiligi (35 foiz) 4 kunlik hafta joriy qilinsa, farovonlikni yo‘qotishdan qo‘rqadi. 30 foizi hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi, deb hisoblamoqda. 25 foizi farovonlikning oshib borishini taxmin qilgan.

Mavzuga oid