Jahon | 01:13 / 21.12.2018
31919
2 daqiqa o‘qiladi

Marsdagi muzlagan ko‘l surati olindi

Marsda 15 yildan beri ishlayotgan «Mars-Ekspress» zondi Qizil sayyoradagi katta hajmdagi muz bilan qoplangan Korolyov kraterining batafsil suratlarini oldi. Bu suratlar Yevropa kosmik agentligi saytida joylashtirilgan.

 Foto: ESA/DLR/FU Berlin

Zond 2003 yil 2 iyunda Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan uchirilib, Marsga o‘sha yilning 25 dekabrida yetib borgan va o‘shandan beri Mars atrofidagi orbitada harakatlanib yuradi. Qurilma Marsni tadqiq qilishdan tashqari, uning yo‘ldoshi Fobos haqida ko‘plab ma'lumotlar to‘plagan.

Olimlarning fikricha, Mars sirtida bir paytlar daryolar, ko‘llar va okeanlar mavjud bo‘lgan. Bu suvning katta qismi sayyoraning atmosferasi kabi koinotga bug‘lanib ketgan. Ushbu suvning kichik qismi Marsda mo‘'tadil va qutboldi kengliklarda muzliklar ko‘rinishida saqlanib qolgan.

 Foto: ESA/DLR/FU Berlin

Ushbu suv zaxiralari vaqti-vaqti bilan erib, bug‘lanadi, so‘ngra sayyoraning sovuqroq burchaklariga yog‘ingarchilik ko‘rinishida tushadi.

 Foto: ESA/DLR/FU Berlin

Qizil sayyoradagi muzning eng katta zaxiralarini diametri 82 kmlik Korolyov kraterida ko‘rish mumkin. Bugungi kunda bu krater ulkan hajmdagi muz bilan to‘lgan. Bu muzning qalinligi sayyoradagi yilning eng sovuq faslida 2 kmgacha yetadi. Sayyorashunoslar fikricha, bu muzlik kraterning sovuq tubi va sirtidagi iliqroq jinslar o‘rtasidagi katta farq hisobiga saqlanadi.

Mavzuga oid