Sport | 14:53 / 25.12.2018
5419
2 daqiqa o‘qiladi

Olimpiya chempioni Anton Shipulin faoliyatini yakunlashi haqida e'lon qildi

Foto: RIA Novosti / Yevgeniy Biyatov

Rossiyalik biatlonchi Anton Shipulin sport faoliyatini yakunlashi haqida qaror qabul qildi. U bu haqda joriy mavsumdagi birinchi startdan avval, Germaniyaning Gelzenkirxenidagi matbuot anjumanida xabar berdi.

Biatlonchining aytishicha, uning qaroriga dopingdan foydalanish bo‘yicha shubhalar va Avstriya politsiyasi tomonidan o‘tkazilgan tintuvlar ta'sir ko‘rsatgan. Shuningdek, Shipulin yuqori darajada natija ko‘rsatishga to‘sqinlik qilayotgan sog‘lig‘idagi muammolardan nolidi.

Sportchi 29 dekabr kungi «Rojdestvo poygasi»da so‘nggi marta startga chiqadi.

Dekabr boshida Avstriya politsiyasi Shipulin va bir qator rossiyalik biatlonchilar oldiga tashrif buyurgandi. Ularning bariga 2017 yilgi jahon chempionati vaqtida dopingga qarshi qoidalarni buzish bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Shipulin bu ayblovlarni bema'nilik, deb atadi.

Mavsum boshlanishidan oldin biatlonchi yomon jismoniy holatda ekanini bildirdi va milliy terma jamoa yig‘inlarida ishtirok etish istagi yo‘qligini tan oldi. Biroq, keyinchalik o‘z fikrini o‘zgartirdi va sportga qaytdi.

Shipulin - 2014 yili Sochida o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlari g‘olibi. U Vankuverda Olimpiada-2010da bronza medalini qo‘lga kiritgandi. Bundan tashqari, u jahon chempionatlarining olti karra sovrindori hisoblanadi.

Mavzuga oid