Sport | 00:21 / 04.09.2019
13152
1 daqiqa o‘qiladi

Biatlon bo‘yicha uch karra Olimpiya chempioni vafot etdi  

Foto: AP

Biatlon bo‘yicha uch karra Olimpiya chempioni, norvegiyalik Xalvard Xanevold 49 yoshida vafot etdi. Bu haqda TV2 telekanali xabar berdi.  

Budstikka nashrining ma'lum qilishicha, Xanevold o‘z uyida o‘lik holda topilgan. Uning o‘limi tafsilotlari ma'lum qilinmagan. Sportchining ortidan rafiqasi va ikki farzandi qoldi.

Norvegiya biatlonchilar ittifoqi prezidenti Arne Xorten Xanevoldning o‘limi sport ahli uchun katta yo‘qotish ekanligini aytgan. 

Xanevold 1998 yilda 20 kmga individual poygada hamda 2002 va 2010 yilgi Olimpiadalarda 7,5 kmlik estafetada g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, uning hisobida jahon chempionatlarining 5 ta oltin medali bor.  

Biatlonchi faoliyatini 2010 yilda yakunlagan. U sportdan ketgach Norvegiya televideniyesida ekspert bo‘lib ishlagan.

Mavzuga oid