Jahon | 10:10 / 31.12.2018
49582
21 daqiqa o‘qiladi

2018 yil jahon sahnasida: yilning eng shov-shuvli voqealari

Foto: AP Photo / Lefteris Pitarakis

Petrov va Boshirovning sarguzashtlari, tailandlik maktab o‘quvchilarining g‘ordan qutqarilishi, jurnalist Arkadiy Babchenkoning sahnalashtirilgan «o‘limi», saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining sirli o‘limi va boshqa hodisalar. Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampning keskin siyosati, Xitoy va Qo‘shma Shtatlar savdo urushi, Buyuk Britaniyada Brexit mashmashasi, Fransiyadagi norozilik aksiyalari ham yil davomida sodir bo‘lgan muhim voqealarga aylandi.

2018 yilda jahonda shu va boshqa shu kabi hodisalar ro‘y berdiki, ular asosida keyinroq blokbasterlar ishlash ham mumkin. Quyida shunday voqealarning asosiy syujyetlarini keltiramiz.

«Novichok» ishi

Foto: Reuters

GRUning sobiq josusi Sergey Skripal hamda uning qizi Yuliya Skripalning hayotiga suiqasd qilinishi haqiqiy xalqaro mojaroni keltirib chiqardi.

Skripallar 4 mart kuni Britaniyaning Solsberi shahridagi The Maltings savdo markazi yaqinida hushsiz holda topilgandi. Keyinroq ular asab tizimini ishdan chiqaruvchi «Novichok» moddasi bilan zaharlangani ma'lum bo‘ldi. Rasmiy London bu zahar Rossiyada ishlab chiqarilganini ma'lum qildi va Buyuk Britaniya hukumati Solsberidagi hodisa uchun bor mas'uliyatni Moskva zimmasiga yukladi va ruslarni o‘z hududida kimyoviy qurol qo‘llashda aybladi. Rossiya barcha ayblovlarni rad etib, dalillar yo‘qligini iddao qilgandi. Solsberidagi voqea katta diplomatik mojaroni keltirib chiqardi: G‘arb mamlakatlari 150 nafardan ortiq rossiyalik diplomatlarni chiqarib yubordi, Rossiya ham xuddi shunday javob choralari qo‘lladi.

Yuliya Skripal aprel oyi o‘rtalaridayoq shifoxonadan chiqarildi, uning otasiga may oyida javob berildi. Ularning hozirgi yashash joyi ma'lum emas.

Sentabr oyida Britaniya prokuraturasi Skripallarni zaharlashda gumonlanuvchilarning nomlarini ma'lum qildi - Aleksandr Boshirov va Ruslan Boshirov GRU josuslari ekani aytildi. Inglizlar ikki rossiyalikning Londondagi aeroportda va Solsberida kuzatuv kameralari orqali olingan tasvirlarini e'lon qildi. Ular Skripallar yashaydigan uy yaqinidan ham o‘tishgani ma'lum bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmasdan, Rossiya prezidenti bu ayblovlarga javob sifatida Petrov va Boshirovni televideniye orqali chiqishga chaqirdi. Bir kun o‘tib Russia Today telekanali ushbu ikki shaxs bilan muloqot o‘tkazdi.

Boshirov va Petrov Rossiya maxsus xizmatlariga aloqadorliklarini tan olishmadi. Ular mart oyi boshida chindan ham Solsberiga borishganini, lekin bundan maqsad diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilish ekanini ma'lum qilishdi. Shu bilan birga ular Skripallar uyi oldidan o‘tgan bo‘lishlari mumkinligini istisno etishmadi. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi esa bu intervyuni «yolg‘onlar va xato javoblardan iborat intervyu» deb atadi.

Keyinroq The Insider internet-nashri va Bellingcat tadqiqot guruhining qo‘shma tekshiruvida Petrov aslida Aleksandr Mishkin, Boshirov esa Anatoliy Chepiga ekani, ularning ikkisi ham Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari ekani ma'lum bo‘ldi.


Armanistondagi namoyishlar

Siyosatchi Nikol Pashinyan Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan bilan
Foto: RIA Novosti/Asatur Yesayans

2008 yildan 2018 yilga qadar Armanistonga prezidentlik qilgan Serj Sargsyan o‘zining ikkinchi prezidentlik vakolati yakunlanishiga yaqin qolganida, 2015 yili konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritgandi: unga ko‘ra, 2018 yildan boshlab davlat rahbari bosh vazir bo‘lishi belgilanadi. Sargsyan o‘shanda 2018 yilda prezidentlik vakolati tugagach, prezidentlikka ham, bosh vazirlikka ham nomzodini qo‘ymaslikka va'da beradi. Lekin u va'dasida turmadi va 17 aprel kuni u rahbarlik qilayotgan partiya parlamentda ko‘pchilik ovozga egaligi evaziga Armaniston bosh vaziriga aylandi. Shundan keyin Armaniston norozilik namoyishlari ichida qoldi. «Baxmal inqilob» nomini olgan, so‘l siyosatchi Nikol Pashinyan boshchilik qilgan namoyishlar tufayli 23 aprel kuni Sargsyan bosh vazirlikdan iste'fo berdi va Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan mamlakat hukumatining iste'fosi haqidagi farmonni imzoladi.

1 may kuni  parlament yangi bosh vazirni saylashi kerak edi. Nomzod ham atigi bitta — muxolifat yetakchisi Nikol Pashinyan edi. Biroq avvalgi prezidentning partiyasidan chiqqan ko‘pchilik deputatlar baribir Pashinyanga ovoz berishmadi va bosh vazir ham saylanmadi. Pashinyanni faqat 45 deputat qo‘llab-quvvatladi, bosh vazir bo‘lish uchun esa kamida 53 ovoz kerak edi. Ovoz berish natijalariga ko‘pchilik ovozga ega Armaniston Respublikachilar partiyasi (ARP) ta'sir ko‘rsatdi — partiyadan saylangan deputatlar Pashinyanga ovoz berishdan bosh tortdi.
 Pashinyan parlamentdan chiqishi bilan, 2 may kuni butun Armanistonda norozilik namoyishlari o‘tkazilishi, yo‘llar yopib qo‘yilishini e'lon qildi.
2 may tongida namoyishchilar barcha yo‘llar va ko‘chalarni, jumladan, aeroportga olib boruvchi trassani ham yopib qo‘ydi. Mamlakatda poyezdlar harakati to‘xtadi — namoyishchilar temiryo‘llarni to‘sib qo‘yishdi. Metropoliten ham ishlashdan to‘xtadi. 

Deyarli bir oylik namoyishlardan so‘ng, may oyi o‘rtalarida Nikol Pashinyan bosh vazirlikka saylandi - uni bu safar 59 deputat qo‘llab-quvvatladi, 42 kishi qarshi ovoz berdi.

Oktyabrda Pashinyan iste'foga chiqib, asosiy maqsadni ma'lum qildi - muddatdan avvalgi parlament saylovlarini o‘tkazish.

24 oktabr kuni Armaniston Milliy assambleyasi deputatlari maxsus yig‘ilishda Pashinyanni bosh vazir lavozimi uchun yagona nomzod sifatida tanlashmadi.

Armanistonda dekabr boshida muddatdan avvalgi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi va unda Pashinyanning siyosiy bloki g‘alaba qozondi.


«Vaqtincha o‘lgan» jurnalist

Foto: Reuters

29 may kuni kechqurun nashrlarning birinchi sahifalarini jurnalist Arkadiy Babchenko haqidagi xabarlar egalladi. O‘sha kuni Ukraina politsiyasi Rossiya hukumatiga muxolifatchi jurnalist suiqasd oqibatida halok bo‘lganini ma'lum qilgandi. Ijtimoiy tarmoq unga bag‘ishlangan nekrologlar bilan to‘ldi.

Ammo keyingi kunda u «tirildi» va brifingda Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Gritsak hamda bosh prokuror Yuriy Lutsenko bilan birga paydo bo‘ldi.

Brifingda Ukraina huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan operatsiya natijasida Arkadiyning o‘limiga buyurtma olgan killer va qotillik tashkilotchisi ushlangani ma'lum qilindi.


Yilning kutilmagan uchrashuvi

Kevin Lim/The Straits Times via Reuters

2018 yilning 12 iyun kuni Singapurda AQSh prezidenti Donald Tramp va KXDR yetakchisi Kim Chen In o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, bu sammitni tashkillashtirish yo‘lida ko‘plab to‘siqlar paydo bo‘ldi, ammo ulardan muvaffaqiyatli o‘tildi. Tramp har ikki davlat yetakchilarining uchrashuvini juda katta yutuq, deb atagan. Kim Chen In ushbu tarixiy sammitdan keyin dunyo ahli ko‘plab o‘zgarishlarga guvoh bo‘lishini ta'kidladi. Donald Tramp endilikda AQSh-KXDR munosabatlari ilgarigiga mutlaqo o‘xshamaydigan, butunlay boshqacha bo‘lishini qayd etdi.

Biroq, ushbu sammitdan so‘ng KXDR va AQSh o‘rtasidagi munosabatda keskin o‘zgarish kuzatilmadi, Shimoliy Koreya yadro texnologiyalari tufayli yana sanksiyalar ostida qoldi. Oxir-oqibat KXDR yadro poligonlarini buzib tashlashga rozi bo‘ldi.
 

«G‘or ichida adashuv»

G‘or ichida topilgan bolalar
Foto: Tham Luang / AP

Joriy yilning 23 iyun kuni 11 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 12 nafar bola va ularning murabbiyi Tailandning eng shimoliy nuqtasida joylashgan Txam Luang g‘origa otlangandi. «O‘rmon to‘ng‘izlari» o‘smirlar futbol jamoasi a'zolari g‘or ichiga sayr qilish uchun kirib ketib, kuchli yomg‘irlar oqibatida g‘ordan chiqish yo‘llari suv ostida qolgani sababli u yerda qolib ketishdi.

13 kishi bedarak ketgach Tailand armiyasi ularni qidirish uchun safarbar qilindi. 9 kun o‘tib britaniyalik dayverlar (chuqurlikdagi g‘orlarga tushish bilan shug‘ullanadigan mutaxassis) bolalar jon saqlayotgan nuqtaga yetib borishdi. Ularga kislorod va oziq-ovqat yetkazib bera boshlashdi.

Ularni olib chiqish oson emasdi: 9 kun davomida g‘or ichida oziq-ovqatsiz va ichimlik suvisiz qolib ketgan bolalarning aksari suza olmas va darmonsiz edi. Qolaversa, g‘or yo‘laklarini suv to‘ldirgan, 4 kilometrlik masofani tajribali g‘avvoslar ham bazo‘r bosib o‘tardi. Bolalar umumiy uzunligi 7 kilometrlik g‘orning o‘rtasidagi havo bor bo‘lmasida jon saqlab qolishgandi. Hatto tajribali g‘avvos ham bu masofani bosib o‘tishi uchun 6 soat vaqt talab etilardi, bu yo‘lda har kimga o‘lim tahdid solardi, shunday ham bo‘ldi, g‘avvoslardan biri bolalarga havo yetkazib berib ortga qaytayotganida o‘ziga havo yetmasdan halok bo‘ldi.

Bu vaqtda Tailandda oktabr oyigacha davom etuvchi musson yomg‘irlari boshlangandi. Avvaliga bunday amaliyotning xavflilik darajasi yuqoriligi tufayli Tailand hukumati bolalarni kislorod va oziq-ovqat bilan ta'minlab turib, 4 oy davomida g‘orda qoldirish hamda yomg‘irlar mavsumi tugab, g‘ordagi suvlar yo‘qolishini kutish variantini ham ko‘rib chiqqandi. 

Tez orada Tailand hukumati bolalarni g‘or ichkarisida qoldirish - eng yomon ssenariy bo‘lishini anglab yetishdi. Birinchidan, 4 oy davomida bolalarga oziq-ovqat va kislorod yetkazib berish jarayoni qutqaruvchilarning hayoti har kuni xavf ostida bo‘lishini taqozo etardi. Qolaversa, g‘or ichida birdaniga havo qolmasligi yoki uni butunlay suv to‘ldirishi ham mumkin edi. Shundan keyin hukumat evakuatsiyaning boshqa yo‘llarini qidira boshladi.

4 iyul kuni SpaceX va Tesla kompaniyalari rahbari, tadbirkor Ilon Maskdan Tailanddagi g‘orda qamalib qolgan o‘smirlarga yordam berishni so‘rashdi. U bir necha variantlarni, jumladan g‘or yonidan tunnellar kavlashni taklif qildi va Tailandga The Boring Company va SpaceX kompaniyalari muhandislarini jo‘natdi. 10 iyul kuni Mask Tailandga uchib keldi va g‘orga kirdi. U bolalar jamoasi sharafiga «O‘rmon to‘ng‘izlari» deb nomlangan suv osti qayig‘ini olib kelgandi. Ammo Tailand hukumati bolalarni qutqarishda bu qurilmadan foydalanishni istamadi. Ilon Mask o‘z rejasini ma'lum qilganidan bir necha soat o‘tib, qutqaruvchilar uning yordamisiz harakatga kirishdi. Chunki, yana yomg‘ir yog‘a boshlagan va g‘or suvga to‘lish xavfi ostida qolgandi.

Amaliyot 10 iyul kuni yakunlandi, g‘ordan shu kuni oxirgi bolakay va 25 yoshli murabbiy olib chiqildi. Lekin bu vaqt davomida qutqaruvchilardan biri halok bo‘ldi, bolalarning hayoti ham bir necha bor xavf ostida qoldi.

 

Jurnalistlarning sirli o‘limi

Foto: Novaya Gazetv

Markaziy Afrika Respublikasida, Sibut shahridan 23 km uzoqlikda uch nafar rossiyalik jurnalist o‘ldirib ketildi. Halok bo‘lganlar - jurnalist O‘rxon Jamol, rejissyor Aleksandr Rastorguyev va operator Kirill Radchenko edi.

Ushbu jurnalistlar «Tsentr upravleniya rassledovaniyami» loyihasi bilan hamkorlikda «Vagner» guruhi faoliyatiga oid hujjatli film ishlash uchun Afrikaga yo‘l olishgandi.

Dastlabki ma'lumotlarda ular talonchilik hujumi qurboniga aylangani aytildi, Rossiya TIV esa, bu hodisani «sayyohlarning xavfli hududda hujumga uchrashi» deb atadi va boshqa rossiyaliklarni MARga bormaslikka chaqirdi.

Oxir-oqibat bu qotillik sirli qotilligicha qoldi.

«Vagner» guruhi yollanma jangchilar xizmatini ko‘rsatadigan harbiy kompaniya bo‘lib, uning tarkibi asosan Rossiya va MDH vakillari bo‘lgan yollanma jangchilardan iborat hisoblanadi. Biroz avvalroq ushbu guruh jangchilari MARga mamlakat prezidenti Fosten-Arkanja Tuaderuni qo‘riqlash uchun kelgani haqida ma'lum bo‘lgandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, «Vagner» harbiy bo‘linmasi 2014 yili rossiyalik sobiq harbiy Dmitriy Utkin tomonidan tuzilgan. OAV ma'lumotiga ko‘ra, bu guruh Ukraina sharqidagi harbiy harakatlarda ayirmachilarni faol qo‘llab-quvvatlagan hamda Qrim anneksiyasi jarayonida bevosita ishtirok etgan. 2015 yildan esa bu guruh Suriyadagi urushga ham jalb etilgan.

 

Jurnalistning sirli o‘limi

2018 yil, 9 oktabr. Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulxonasi oldida uyushtirilgan aksiya
Osman Orsal/Reuters

Amerikaning The Washington Post gazetasi uchun maqolalar yozgan, asosan Saudiya Arabistoni hukumatini tanqid qilish bilan shug‘ullangan jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni o‘z mamlakatining Turkiya poytaxti Anqara shahridagi konsulxonasiga kirganidan keyin izsiz g‘oyib bo‘ldi.

2017 yilning iyulida Jamol Qoshiqchi shahzoda Muhammad ibn Salmon so‘z erkinligini cheklash harakatlarini boshlashi fonida qamoqqa tushishdan qo‘rqib, Saudiya Arabistonini tark etgan.

«Biz siz bilan gaplashib turgan pallalarda saudiyalik ziyolilar va jurnalistlar qamoqqa olinmoqda. Bugungi kunda u yerda hech kim islohotlarni tanqid qilishga haqli emas», degandi jurnalist.

U keyingi vaqtlarda Virjiniyada hamda Istanbulda yashab kelayotgandi.

Jamol Qoshiqchi Saudiyaning Turkiyadagi konsulligiga 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonida yashaydigan xotini bilan ajrashgani haqidagi hujjatni rasmiylashtirish uchun kelgandi. Jurnalist Turkiyada yangi nikohini rasmiylashtirishi uchun ana shu hujjat kerak bo‘lgan. Konsulxonada uchrashuv 13:30ga belgilangan, Qoshiqchi u yerga 13:14da kelgan. Jurnalistning qaylig‘i Hadicha Dengizga u yerga kirishga ruxsat berishmagan va u tashqarida 5 soat davomida kutib o‘tirgan. Shundan so‘ng jurnalistni hech kim ko‘rmagan. Kuzatuv kameralarida faqatgina uning ichkariga kirgani qayd etilgan.

Daily Sabah gazetasi Jamol Qoshiqchi yo‘qolgan kuni Turkiyaga Saudiya Arabistonidan 15 kishi kelgani va ular konsulxona yaqinidagi mehmonxonaga joylashishgani haqida yozdi. Ularning barchasi o‘sha kuni kechqurun mamlakatni tark etishgan. Gazeta isbot sifatida saudiyalik ehtimoliy «agentlar» fotosuratini taqdim etdi.

23 oktabr kuni Haberler portalida Jamol Qoshiqchining jasadi bo‘laklari Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulxonasi hududida joylashgan quduqdan topilgani haqida xabar berildi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an esa Jamol Qoshiqchi avvaldan puxta rejalashtirilgan qotillik qurboni bo‘lganini aytib, Saudiya Arabistoni hukumatini barcha dalillarni oshkor etishga va aybdorlarni jazolashga chaqirdi.

Avvaliga jurnalist yo‘qolishiga aloqadorligini rad etgan Saudiya hukumati keyinroq uning o‘limini tasdiqladi va jurnalist konsulxonada tasodifan o‘ldirib qo‘yilganini tan oldi. Buning ortidan Saudiya Razvedka xizmatidagi amaldorlar jazoga tortildi, ayrim iste'folar ro‘y berdi, OAVda ushbu qotillikka aloqador bo‘lgan 5 nafar shaxsga qatl jazosi tayinlanishi haqida xabarlar tarqaldi.

Bu mojaro ortidan Saudiya Arabistonining xalqaro maydondagi nufuzi yanada pasaydi, qator tashkilotlar va davlatlar saudiyaliklarga sanksiyalar joriy etdi.


Fransiyada «sariq jiletlilar» namoyishlari

Foto: AFP

Noyabr oyining ikkinchi yarmida Fransiyaning turli hududlarida haydovchilarning ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — ular benzin narxi oshirilishidan norozi bo‘lishdi. Nur qaytargichli sariq nimchalarni kiyib olgan namoyishchilar yo‘llarni yopib qo‘yishdi, dastlabki namoyishlarda 50 mingga yaqin odam qatnashdi.

Fransiya hukumati 2019 yildan dizel yonilg‘isiga solinadigan soliqni 6,5 foizga, benzinga solinadigan soliqni esa 2,9 foizga oshirmoqchi edi. Bu choralar orqali fransiyalik amaldorlar fransuzlarni shaxsiy avtomobillardan voz kechib jamoat transportiga o‘tishga majbur qilishga yoki elektrokarlar sotib olishga undashmoqchi edi. Hukumat har ikki holatda ham atrof-muhitga foyda bo‘lishini nazarda tutgandi. 

Namoyishlar keyingi haftalarda yanada kuchaydi va 5 dekabr kuni hukumat yon berishga majbur bo‘ldi. Fransiya bosh vaziri Eduar Filipp mamlakatda yonilg‘i narxini oshirishga yarim yillik moratoriy joriy etilishini e'lon qildi. Bundan tashqari, yaqin olti oy davomida gaz va elektr energiyadan foydalanganlik uchun tariflar ham oshirilmaydigan bo‘ldi.

«Hech bir soliq millat birligini xavf ostida qoldirishga arzimaydi», — dedi bosh vazir. Filipp hukumat zo‘ravonlikka toqat qilmasligi va namoyishlar vaqtida qonunni buzganlar jazolanishini qo‘shimcha qildi.

Lekin namoyishchilar bu kelishuvga ko‘nishmadi. Enlilikda ular ko‘proq narsani, hatto mamlakat prezidenti Emmanuel Makronning iste'fosini talab qila boshlashdi. 

10 dekabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 4 hafta davom etgan namoyishlar fonida mamlakatda favqulodda iqtisodiy va ijtimoiy holat e'lon qildi.

Davlat rahbari namoyishchilarni xotirjamlik va tartib saqlashga chaqirgan, zo‘ravonlikni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmasligi haqida gapirgan. Shu bilan birga u fransuzlarning g‘azabi «adolatli» ekanini ta'kidladi.

Makron 2019 yilning mayidan mamlakatda eng kam ish haqi miqdori 100 yevroga oshirilishini, shuningdek, yil yakunida beriladigan mukofot pullari soliqqa tortilmasligini, eng kambag‘al qatlamga soliq imtiyozlari taqdim etilishini ma'lum qildi.

Namoyishlar fonida Fransiya iqtisodiyoti jiddiy zarar ko‘rdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra mamlakat iqtisodiga yetgan zarar milliard yevroni tashkil qildi.


Kerch bo‘g‘ozidagi ziddiyat

Nazvaniye

25 noyabr kuni ertalab Rossiya federal xavfsizlik xizmati Ukrainaning uchta harbiy kemasi Rossiya hududiy suvlariga noqonuniy kirgani haqida xabar berdi va ularni dengizchilari bilan birga qo‘lga oldi. Kemalar Odessadan Mariupolga yo‘l olgan, ammo ularni Kerch bo‘g‘ozidan o‘tkazishmagan.

Ukrainlar rossiyalik chegarachilarning kemalari ukrainlarning shatakka oluvchi kemasiga nisbatan tajovuzkorona harakatlar sodir etishgani haqida ma'lum qilishdi.

Ukraina bir oyga harbiy holat joriy etdi va rossiyalik 16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning mamlakat hududiga kirishini taqiqladi.

Bu hodisa G‘arb davlatlarining Rossiya bilan munosabatlarini yanada taranglashtirdi.

Aziz Qarshiyev 

Mavzuga oid