Sport | 08:51 / 08.01.2019
18199
2 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» sensatsion ravishda Angliya Kubogini tark etdi

Foto: Robbie Stephenson/JMP/Rex/Shutterstock

Angliya Kubogining 1/32 finalida «Liverpul» «Vulverhempton»ga yutqazib, turnirni tark etdi. Vulverhemptonda kechgan uchrashuv maydon egalarining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yinning 38-daqiqasida Raul Ximenes hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Divok Origi hisobni tenglashtirdi. Lekin «bo‘rilar» hujumchisi Ruben Nevesh ko‘p o‘tmay g‘alaba golini urdi.

Bu uchrashuvning 6-daqiqasidayoq «Liverpul» himoyachisi Deyan Lovren jarohat olib, maydonni tark etdi.

Bu Yurgen Klopp shogirdlari joriy mavsumda qatorasiga ikkinchi o‘yinda mag‘lub bo‘lishidir. Bundan avvalroq «Liverpul» APL doirasida «Manchester Siti»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

Angliya chempionatida ayni vaqtda «Liverpul» 54 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda, «Vulverhempton» 29 ochkosi bilan — to‘qqizinchi o‘rinda joylashgan.

Angliya Kubogi
3-raund
Vulverhempton – Liverpul 2:1 (1:0, 1:1)
Gollar
: 1:0 – 38 Ximenes, 1:1 – 51 Origi, 2:1 – 55 Ruben Nevesh.
Vulverhempton – Raddi, Kastro (Doerti, 75), Bennett, Koudi, Ruben Vinagre, Diogu Jota (Kavaleyru, 52), Dendonker, Moutinyu, Ruben Nevesh, Boli, Ximenes (Elder Koshta, 83).
Liverpul – Minole, Rafael Kamashu, Lovren (Xuver, 6), Moreno, Milner, Fabino, Jons (Firmino, 70), Keyta, Shakiri, Starrij (Saloh, 70), Origi.
Ogohlantirish: Milner (15).

Mavzuga oid