O‘zbekiston | 21:10 / 09.01.2019
9588
4 daqiqa o‘qiladi

«G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postida yangi bino foydalanishga topshirildi

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanib, chegara va bojxona nazorati yangi binosi qurib foydalanishga topshirildi.

«O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik, yaqin qo‘shnichilik va savdo-iqtisodiy aloqalar tobora rivojlanib bormoqda.

Mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda xavfsizlikni mustahkamlash, davlatlar chegarasini kesib o‘tishda fuqarolarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida qo‘shnilar bilan chegarada joylashgan o‘tkazish punktlarida zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari hukumatlari o‘rtasida imzolangan «Yo‘l xaritasi» ijrosi doirasida «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari yakuniga yetkazilib, chegara va bojxona nazorati yangi binosi qurib foydalanishga topshirildi», deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Ushbu yangi binoni ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi G‘.Ibragimov, Davlat bojxona qo‘mitasi va DXX Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mita rahbariyati ishtirok etishgan.

Mazkur yangi binoda fuqarolarning chegara va bojxona nazoratidan o‘tishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun alohida yo‘laklar tashkil etilgan. Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish maqsadida sayyohlar uchun ham alohida yo‘laklar mavjud.

«Shu o‘rinda mamlakatimizning qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotgani natijasida chegaralar orqali harakatlanayotgan fuqarolar va transport vositalarining soni tobora ortib borayotganini ta'kidlab o‘tish joiz.

Xususan, mamlakatimiz sarhadlari orqali 2017 yilda jami 21,6 million nafardan ortiq kishi harakatlangan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich 2018 yilda 40,3 millionni, ya'ni 2017 yilga nisbatan 2 barobardan ortiqni tashkil etdi.

Shuningdek, 2017 yil davomida chegaralarimiz orqali 484 mingdan ortiq yengil va yuk avtotransport vositalari harakatlangan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich 2018 yilda 1 221 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobarga ortdi.

Mamlakatimizni qo‘shni Qozog‘iston bilan bog‘lab turuvchi va bugungi kunda modernizatsiya va rekonstruksiya qilingan «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti orqali fuqarolar va transport vositalari soni yildan yilga ortib bormoqda.

Masalan, 2016 yilda ushbu chegara bojxona posti orqali 5 million 153 ming nafardan ortiq fuqaro harakatlangan bo‘lsa 2018 yilda 10 million 183 ming nafardan ortiq fuqarolar harakatlandi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, 2016 yil davomida mazkur chegara bojxona posti orqali jami 2 691ta avtotransport vositalari harakatlangan bo‘lsa, 2018 yilda 101 mingdan ortiq transport vositalari harakatlangan. Bu esa transport oqimini 2016 yilga nisbatan 37 barobarga ortganini ko‘rsatmoqda.

Ushbu binoning foydalanishga topshirilishi bilan «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti orqali bir kunda 40 ming nafar kishi harakatlanishi uchun imkoniyat yuzaga kelgan.

Mavzuga oid