«O‘zbekenergo» rahbari Markaziy Osiyo davlatlarida ENHAT tizimini joriy etish taklifi bilan chiqdi
«O‘zbekenergo» kompaniyasi boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev Janubiy Koreyaning KT Corporation shirkatiga Markaziy Osiyo davlatlari hududida elektr energiyasi iste'molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini (ENHAT) birgalikda joriy etish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
«Biz siz bilan birga Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Qirg‘iziston bozoriga chiqish, mutaxassislarimizni o‘qitish niyatidamiz», - dedi Mustafoyev KT Corporation kompaniyasi katta vitse-prezidenti Sungin Kim bilan uchrashuvda.
«O‘zbekenergo» rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari «ENHAT tizimiga juda katta qiziqish bildirmoqda». «Barcha qo‘shnilarimiz ushbu loyihani kuzatib bormoqda. Uning O‘zbekistonda muvaffaqiyatli amalga oshirilishi biz uchun qo‘shni mamlakatlar bozorini ochadi. KT tarafidan texnologiyalar bo‘ladi, «O‘zbekenergo»dan - arzon ishchi kuchi va ochiq bozor», - deya qo‘shimcha qildi Mustafoyev.
2018 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, 2018-2020 yillarda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishni takomillashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasini» tasdiqladi. U yana 7,8 million iste'molchini ENHATga ulashni nazarda tutib, tizim qamrovini 2021 yil oxirigacha abonentlar umumiy sonidan 100 foizga yetkazishni bildiradi. Loyiha KT Corporation bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2011 yilda Osiyo banki mamlakatning uchta viloyati - Buxoro, Jizzax va Samarqandda 1 mln dona elektr energiyani hisobga olish asboblarini o‘rnatish uchun O‘zbekistonga 150 mln dollar ajratgan. Umumiy qiymati 207,4 mln dollar bo‘lgan loyihani 2018 yil oxiriga qadar amalga oshirish rejalashtirilgandi.
Bundan tashqari, 2015 yilda OTB direktorlar kengashi Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida ENHATni joriy etish uchun O‘zbekiston hukumatiga 300 mln dollar miqdorida qo‘shimcha kredit ajratishni ma'qulladi.
Mavzuga oid
12:40 / 19.12.2024
Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi
12:23 / 19.12.2024
Manba: Jizzax viloyati hokimi ishdan olingan
14:11 / 16.01.2023
Video: Prezident energetika sohasi mas’ullarini tanqid qildi
10:55 / 27.08.2021