O‘zbekiston | 20:08 / 19.01.2019
18036
3 daqiqa o‘qiladi

​O‘zbekistonda aybsizlik prezumpsiyasiga putur yetmayaptimi? Bosh prokuratura javob berdi

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 297-moddasida jinoyat sabablarini bartaraf etish va oldini olish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tegishli organlar (shaxsning ish joyi, mahallasi)ga taqdimnoma kiritishi aytiladi. 

Hali sud tomonidan shaxsning harakat yo harakatsizligiga huquqiy baho berilmay, jinoyatni keltirib chiqaruvchi omillar bartaraf etilishi so‘raladi. Ya'ni, shaxsning harakatida jinoyat alomatlari borligini sud bildirguncha, tergov organlari ayrim holatlarni jinoyat holati sifatida bilib, taqdimnoma kiritadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori birinchi o‘rinbosari Erkaboy Tadjiyevga ko‘ra, taqdimnomaning mazmuni – jinoyatni keltirib chiqishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida [taqdimnoma] kiritiladi. 

Bosh prokurori birinchi o‘rinbosari Erkaboy Tadjiyev​​​​

«Haqiqatan, ish sudga yuborilgunga qadar, jinoyat bo‘yicha taqdimnomalar kiritiladi. Taqdimnomaning mazmuni – jinoyatni keltirib chiqishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida [taqdimnoma] kiritiladi. 

Bu masalalarni, Jinoyat-protsessual kodeksi yangi tahrirda qabul qilinganda, chuqur o‘rganib, sinchkovlik bilan, holatlar ko‘rib chiqiladi. Lekin tergovchilarning taqdimnomasi ham muhimligini e'tibordan chetda qoldirishimiz kerak emas. Taqdimnoma jinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda, tergovchilarning oldiga shunday vazifa qo‘yilganki, ular tomonidan jinoyatlarning tub sabablari juda chuqur o‘rganilib, aniqlanishi lozim», –  deydi u.

O‘zbekiston Respublika Bosh prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, taqdimnomalar har qanday holatda ham qaytarib olinmaydi, chunki u shaxsga emas, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarga nisbatan kiritiladi. Shaxs oqlangan holatda ham u ahamiyatli bo‘lib qoladi. 2018 yilning 11 oyi davomida jami 16090​ta taqdimnoma kiritilgan. Ular asosan:

  • qasddan odam o‘ldirish;
  • hokimiyat yoki fuqarolik burchini bajargan shaxsga qarshilik ko‘rsatish;
  • sifatsiz mahsulot ishlab chiqarish;
  • soliq va boshqa to‘lovlardan bo‘yin tovlash jinoyatlari yuzasidan kiritilgan.  

Shunga qaramay, AQSh sudlovi tarixida yorqin tajriba sifatida o‘rganiladigan sud ishini eslash joizdir. Rafiqasi va uning xushtori Ronald Goldmanni o‘ldirganlikda ayblangan amerikalik futbolchi O. Jyey Simpsonga nisbatan 1994 yil 12 iyunda jinoiy ish qo‘zg‘atiladi. Shunga qaramay, 1995 yili u oqlangan va o‘lim jazosidan qutulib qolgan. Negaki, davlat ayblovchisining ayblovi sud muhokamasida o‘z tasdig‘ini topmaydi. Shunday ekan, ayblanuvchining jinoyat sodir etganini belgilash faqat sud vakolatida ekanini unutmaslik lozim.

Mavzuga oid