Jamshid Kenjayev o‘limi yuzasidan sud ishi davom etmoqda. Guvohlar tinglandi
Joriy yilning 21 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Jamshid Kenjayev ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlangandi. Sud majlisining dastlabki kunida sudlanuvchilar so‘roq qilinganidan so‘ng, sud 23 yanvarga qadar tanaffus e'lon qilgandi.
Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Sarvar Karimov raisligida hamda xalq maslahatchilari A. Nishonov va M. Mirag‘zamovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilmoqda.
Sudlanuvchilardan biri Shodali Qilichov (1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – o‘rta-maxsus, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlangan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «v», «j» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan. Shuningdek, Saidazim Kamoldinov (1994 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – o‘rta, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlanmagan), Alijon Hamrayev (1982 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – o‘rta, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlangan) va Jahongir Yorqulov (1992 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – o‘rta, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlanmagan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Bugun, 23 yanvar kuni sud jarayoni davom ettirildi. Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, bugun guvohlar so‘roq qilish maqsadida chaqirildi. Huquq va majburiyatlari tushuntirilgandan so‘ng, ularga so‘z berildi.
Sud majlisida Sh. Tursunov, U. Hayitboyev, V. Smirnov, A. Adilov va I. Fazliddinov guvoh tariqasida chaqirildi va o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlari haqida so‘zlab berishdi.
«O‘sha mudhish hodisa sodir bo‘lgan kuni boshqa restoranda tug‘ilgan kunimni nishonlagandik. U yerda boshqa do‘stlarimiz ham bo‘lgan. Keyin ziyofatni davom ettirish uchun «Aurum-898»ga borgandik. O‘shanda Jamshid mendan sal oldinroqda edi.
Biz kelganimizdan so‘ng, tezda mojaro boshlanib ketdi. Jamshidni itarib yuborishdi. Biz ajratmoqchi bo‘ldik. «Bo‘ldi, o‘zingni bos» degandim, Shodali pichoq chiqarib qoldi. Jamshid qo‘riqchilar tarafga qarab yugurib ketdi. Ur-to‘polon bo‘lib ketdi. Stullar uchdi. Ajratmoqchi bo‘lganimda, menga ham musht tushdi. Jamshidni olib ketmoqchi bo‘lganimizda olishimizga qo‘yishmadi, o‘rab olishgan edi. Rosa urishayotgan edi. Men hammasini ko‘rdim. Shodali uning ustiga chiqib olib pichoq bilan urayotgan edi. Keyin ham Jamshidni berishmadi. «Bo‘pti, og‘aynimni olib ketay» dedim, lekin berishmadi. Menga ham pichoq urishgan edi. Ikkita joyimdan yaralangandim», deydi Jamshid Kenjayevning do‘sti bo‘lgan Sh. Tursunov.
Unga nisbatan sud raisi, ayblanuvchilarning himoyachilari, jabrlanuvchi (Jamshid Kenjayevning ayoli), davlat ayblovchisi holatni aniqlashtirish maqsadida bir necha savollar berishdi. So‘ngra, marhumning yana bir do‘sti Ulug‘bek Hayitbayev ko‘rsatma berish uchun chaqirildi.
«Klubga borgandik. Maqsadimiz to‘g‘ri borib, to‘g‘ri o‘tirib, o‘zaro o‘yin-kulgi qilib qaytish edi. Borganimizda qo‘riqchilar turgan ekan. Bizni kirgizishmadi. Oradan ozroq vaqt o‘tdi. Janjal to‘polon bo‘lib ketdi. Qo‘riqchilarning qo‘lida pichoq va dubinkalar (maxsus tayoq) bor edi. Pichoqbozlik bo‘lib ketdi. Jamshidni o‘rab olishdi. Olib chiqib ketishga harakat qildik. Hech qanday imkoniyat bo‘lmadi. Harakatlarimiz zoye ketdi. Iloji bo‘lmadi olib chiqishning. Meni quvlab ketishdi. O‘sha joyda og‘aynim Shohrux (Sh.Tursunov) qolib ketdi. Unga ham pichoq tiqishgan», deydi U. Hayitbayev. So‘ngra, unga ham sud majlisida bir necha savollar berildi.
Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda qo‘riqchilardan biri bo‘lgan Vladimir Smirnov guvoh sifatida ko‘rsatma berish uchun chaqirildi.
«Jamshidni oldingi ish joylarimdan bilaman. Boshqa restoranda turgan vaqtimda ham kelib turar edi. Jamshid o‘sha kuni yarim tunda keldi. Biz bilan salomlashdi. Kelgan vaqtida yonida pichoq borligini ko‘rdim. Pichoqni mashinasida qoldirib kirishi kerakligini aytdim. U hammasi joyida ekanini aytdi. Hamkasbim Shodali kelib, u ham tushuntirmoqchi bo‘ldi. Keyin Sherali keldi. Ozroq gaplashgandan keyin o‘rtada janjal boshlanib ketdi. Kim boshlaganini bilmay qoldim», deya ko‘rsatma berdi V. Smirnov.
So‘ngra, guvoh tariqasida o‘sha vaqtda «Aurum-898» tungi klubi administratori bo‘lgan A.Adilov sud majlisiga chiqarildi.
«O‘sha kuni ko‘chada turgan edim. Rahmatli Jamshid keldi. Adashmasam, qo‘riqchilar uni ichkariga qo‘yishmadi. Sababi yonida pichog‘i bor edi. Unga tushuntirmoqchi bo‘lishdi. Chap cho‘ntagidan pichoqni olib Sherali akaning ko‘krak qafasiga pichoq bilan urdi. Keyin to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Shodali unga pichoqning qini bilan urganini ko‘rdim. Uchastka nozirlariga xabar berdik. Tergov jarayonida bizga tergovchi videoni qo‘yib berdi. Ungacha unchalik tushunmay qoldik, ochig‘i», dedi guvoh.
So‘nggi guvoh sifatida o‘sha kuni «Aurum-898»ning qorovullari tarkibida bo‘lgan I. Fazliddinov sud majlisiga chaqirildi.
«Men o‘sha kuni tungi klubdagi barda qo‘riqchilik qilayotgan edim. Shovqin bo‘lgandan keyin tashqariga chiqdim. Tashqarida hamma joy qon bo‘lib ketganini ko‘rdim. Ochig‘i, holatni ko‘rib shokka tushib qoldim. Koridorda bita (beysbol tayog‘i) yotgan ekan, o‘zimni himoya qilish maqsadida uni oldim. Lekin, hech kimni urmadim. Jamshid Kenjayevni shaxsan tanimasdim. Voqea joyida oxirigacha turdim. Keyin IIB xodimlari yetib kelishdi», deydi u.
Sud guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglagandan so‘ng, sud majlisini davom ettirishni 28 yanvar kuni soat 11:00ga qadar qoldirib, tanaffus e'lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 8 avgustidan 9 avgustiga o‘tar kechasi, taxminan, soat 00:25 lar atrofida Yunusobod tumanida joylashgan «Aurum 898» tungi klubi oldida yuzaga kelgan pichoqbozlik vaqtida erkin kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi 25 yoshli Jamshid Kenjayev halok bo‘lgandi.
Ushbu fojia internetda katta rezonans keltirib chiqardi, tungi klub yopib qo‘yildi.
Jamshid Kenjayevning o‘limida ayblanib, tungi klubning to‘rt nafar qo‘riqchisi qamoqqa olingan, 9 avgust kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Shodali Qilichovga nisbatan JKning 97-moddasi 1-qismi («Qasddan odam o‘ldirish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Mavzuga oid
16:19
Tanqiddan so‘ng: 2 bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024