O‘zbekiston | 12:27 / 24.01.2019
27519
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda besh kishining o‘limiga sabab bo‘lgan avtobus portlashi yuzasidan sud boshlandi

Joriy yilning 23 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat Vobkent tuman sudida Uchqun Sharopov, Umrzoq Yaxshiyev, Sarvar Narzullayev, Bobur Toshev va Namoz Roziqovlarning ishi yuzasidan sud jarayoni boshlandi.

Ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 186-moddasi 4-qismi ”a, b” bandlari (“Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish natijasida odamlar o‘limi va og‘ir oqibatlarga olib kelish),  228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (Bir guruh shaxslar tomonidan takroran hujjatlarni qalbakilashtirish) va 228-moddasi 3-qismi (hujjatni qalbaki ekanligini bila turib undan foydalanish) bilan ayblanmoqda.

Sud majlisining dastlabki kunida davlat ayblovchisi tomonidan sudlanuvchilarga nisbatan tuzilgan ayblov xulosasini o‘qib eshittirib, sudlanuvchilar va jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 18 sentabr kuni soat taxminan 07:30larda ASGTKShga kelgan fuqaro V.Qobilov boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi avtobusga belgilangan 200 KPa me'yoridan ortiqcha bosimda gaz to‘ldirgan.

Shuningdek, iste'molchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatilib, avtomashinaga o‘rnatilgan gaz balloni yuqori bosimda gaz to‘ldirilishi natijasida, avtobus haydovchisi V.Qobilov shoxobcha oldida kutib turgan yo‘lovchilarni avtomashinaga mindirib, shoxobchadan chiqib, taxminan 1 km.gacha bo‘lgan masofa yurgandan so‘ng, Kogon tumani hududidan o‘tgan A-380 avtomobil yo‘lining “Kogon-Qorovulbozor” yo‘nalishida harakatlanib ketayotganida, 201-km.da gaz balloni portlagan.

Oqibatda avtobus salonida bo‘lgan yo‘lovchilar N.Jumayeva, G.Roziqova, R.Sa'dulloyeva, F.Ergasheva voqea joyida, H.Jumayeva Kogon shahar tibbiyot birlashmasida vafot etgan, haydovchi V.Qobilov og‘ir, qolgan yo‘lovchilar F.Botirova o‘rtacha og‘ir, A.Nasulloyev, S.Jo‘raqulova, M.Jabborova, F.Atoyeva, S.Jo‘raqulova, M.Sanoyev, V.Ergashev, G.Roziqova, A.Shoxnazarova, G.Roziqova, X.O‘rinova, M.Begmurodovalar yengil jarohat olganlar.

Bundan tashqari, avtobus shikastlanishi natijasida uning egasi V.Qobilovga 58 226,2 ming so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 sentyabrdagi 763-f-sonli qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Nodir Otajonov raisligida komissiya tuzildi, u ushbu fojia sodir qilinishiga olib kelgan sabablarni o‘rganish, vafot etganlar va jarohatlanganlarga har tomonlama yordamlar ko‘rsatilishi kerak edi.

O‘z navbatida, Buxoro viloyat hokimining 2018 yil 19-sentyabrdagi 291f-sonli farmoyishi qabul qilinib, unga ko‘ra mazkur fojia natijasida halok bo‘lganlarning oilalariga 10 000 000 so‘mdan, jarohat olganlarga 5 000 000 va 2 000 000 so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi.

Sud majlisida 2019 yil 30 yanvarga qadar tanaffus e'lon qilindi.

Mavzuga oid