Nega Nokia Apple‘ga, Sony va Panasonic Samsung‘ga yutqazgan?
O‘rta avlod vakillari yaxshi eslashadi, yaqin o‘tmishda, nari borsa 20 yil avval ham zamonaviy texnologiyalar, maishiy texnika borasida hech kim yapon kompaniyalarining oldiga tusha olmasdi. Sony, Panasonic kabi brendlarning mahsulotlari nafaqat yuqori sifati, balki nufuzi va xaridorgirligi bilan ham yetakchi edi. Dunyo smartfonlar ummoniga endi-endi oshno bo‘layotgan yillarda hech kim Nokia yetakchiligiga shubha qilmagan.
Ammo bozor iqtisodiyoti shafqatsiz, ayniqsa so‘nggi yillarda uzoq vaqt yetakchilik qilib kelgan, biroq qisqa muddatda o‘rnini yo‘qotgan kompaniyalar talaygina. Sony, Panasonic, Toshiba, Sharp kabi gigantlar texnologiyalar va innovatsiyalar sohasini abadiy egallab olgandek edi go‘yo.
Xo‘sh, nega kechagina texnologik gigantlar hisoblangan kompaniyalar o‘z o‘rnini boy berdi, amalda inqirozga yuz tutdi?
Albatta, har bir brendning o‘z rivojlanish tarixi bo‘lganidek alohida tanazzul tarixi ham mavjud. Ammo ularning bu holga tushishida bir nechta umumiy omillar rol o‘ynagan.
Avvalo maishiy texnika segmentini o‘rganamiz.
1. Sifat va narx mutanosibligi
Yaqin o‘tmishda ham yapon texnologiyasi degan tushuncha qimmat, lekin o‘ta sifatlilikni, shuningdek ularni xarid qilish xaridorning nufuzini anglatadigan edi. Sony, Panasonic, Toshiba kabi kompaniyalar mahsulotlari aslida ham yuqori sifati va narxi bilan ajralib turgan. Ammo ularning ta'qibchilari bo‘lgan Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari dastlab arzon narxlar, keyinchalik binoyidek sifat bilan xaridorlarni o‘ziga qarata oldilar;
2. «Bozor ob-havosi»ni his qilmaslik
Bu punkt ham birinchisiga bevosita bog‘liq. Yapon kompaniyalari sifatni qadrlovchi xaridorlar sodiqligiga ishonishdi, aynan «tushunganlar» uchun mahsulot yaratish ustida ishlashdi. Ammo bu yillar ichida iqtisodda ham yuksalish kuzatildi, ya'ni o‘rta sinf vakillari ham ko‘proq pul topa boshladilar. Ayniqsa Osiyo davlatlarida, xususan Xitoy, jumladan O‘zbekistonda ham ommaviy tarzda maishiy texnika xarid qilish boshlandi. Kechagina bir oilada bitta televizor yo bor, yo yo‘q bo‘lib turgan bir paytda oilalarda ikki-uchtalab televizorlar, muzlatkichlar, mikroto‘lqinli pechlar, kir yuvish mashinalari paydo bo‘ldi. Ana o‘shanday «bum» vaqtida ko‘pchilik talabiga mos mahsulot ishlab chiqarish g‘alaba uchun muhim omil bo‘ldi. Premium xaridorlarni mo‘ljalga olgan yapon texnologik kompaniyalari esa bu jarayonlarga bepisandlarcha qarashdi. Tushunganlarida esa kech bo‘lgandi;
3. Innovatsiyalarda ham ortda qolish
Endi bemalol aytish mumkin, aynan maishiy texnika segmentida Sony, Panasonic, Toshiba, Sharp kabi kompaniyalar jamlanganda ham ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Samsung‘ga yeta olmaydi. Masalan, Sony kompaniyasi maishiy texnikaning eng xaridorgiri – televizorlarni yassi ekranda chiqarish masalasiga jiddiy e'tibor qaratmagan. Ammo Samsung, LG kabi kompaniyalar darhol asosiy diqqatini shu yo‘nalishga jalb qilgan va bozorni egallab olishgan;
4. Kelajakka, ulkan loyihalarga e'tibor, kundalik mahsulotlardan chekinish
O‘sha yetakchi gigantlarni texnologik jihatdan ortda qolishda ayblash, salohiyatini shubha ostiga olish ham unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shunchaki, ular asosiy e'tiborni allaqachon egallab bo‘lingan deb hisoblanuvchi (masalan maishiy texnika) segmentlardan olib, kelajakka, yanada yuqori texnologiyalarga tika boshladilar va oxir-oqibat kelajak texnologiyalari hisoblangan loyihalar ularni ortga tortib ketdi. Masalan – Toshiba yadro energetikasiga juda katta mablag‘ va kuchini safarbar qildi va muvaffaqiyatsizlikka uchradi, Sony kinosanoatda dastlab omad erishgan bo‘lsa-da, keyinchalik Sony Entertainment‘ning ishlari ham orqaga ketdi, Panasonic‘ning aqlli texnikalari ham kutilganidek ommalashmadi.
5. Samo va robotlar
Bu kompaniyalarning deyarli hammasi oshkora yoki maxfiy tarzda robototexnikaga e'tibor qaratgan. Ammo yigirma birinchi asrning uyda xizmat qiluvchi odamsimon robotlar bilan kutib olish baribir amalga oshmadi, soha harakatlari o‘zlari singari beo‘xshov robotchalardan o‘zgasiga erisha olmadi. Shuningdek, samoni tadqiq qilish, kosmik qurilmalarga ahamiyat berish ham o‘zini oqlamadi – AQSh kompaniyalari pozitsiyalarini boy bermadi.
6. Va nihoyat eng muhimi – yapon gigantlari uyali aloqa, internet, smartfonlar asrining imkoniyatlarini to‘g‘ri anglab yetmadilar. To‘g‘ri, Sharp va Sony ma'lum muddat smartfonlar bozorida jon saqlab turdi, Sony kompaniyasi smartfonlari hamon sifat jihatdan yetakchilardan biri. Ammo ommaviylikda bularning birortasi yetakchilar ro‘yxatida emas.
Shuningdek JVC, Hitachi, Fujitsu, Pioneer kabi brendlarning taqdiri ham deyarli yuqoridagidek kechdi.
Albatta, kundalik turmushdagi mahsulotlarda ulushlari keskin kamayib ketganiga qaramay yapon kompaniyalarini hamon bozorda saqlab turgan, jonlariga oro kirayotgan yo‘nalishlari bor. Masalan, Panasonic ishlab chiqaruvchi quyosh batareyalari deyarli barcha elektrokarlarda —Toyota Prius‘dan tortib Tesla‘gacha ishlatiladi. Sony PlayStation esa kompyuter o‘yinlari bo‘yicha mutlaq yetakchilardan biri va katta daromad keltiradi.
Nokia kushandasi Apple va Samsung
Cmartfonlar olamidagi yetakchilar almashinuvi esa yanada shiddatli va shafqatsiz kechdi. Nokia kompaniyasi bir vaqtlar shu qadar ommabop ediki, soha bo‘yicha bundan-da mukammal qurilma bo‘lmaydigandek taassurot uyg‘onardi. Endi-chi?
Qo‘lidan telefon tushmaydigan o‘smirlarning aksariyati Nokia degan kompaniya borligini bilmaydi ham. Lekin Nokia‘dan tashqari Motorola, Ericsson, Siemens kabi ulkan kompaniyalar bir paytlar odamlarda uyali aloqaga bo‘lgan ulkan muhabbatni uyg‘otgan, mobil aloqa orzusini amalga oshirishda yordam bergandi. Lekin bugun hech kimning qo‘lida bunday nomdagi qurilmalarni ko‘rmaymiz, ko‘rib qolsak ham qiziqsinib qaraymiz. Holbuki, o‘sha paytlarda (1990-2010) bu kompaniyalarning bozordagi ulushi 75-80 foizga yetardi.
Ammo Samsung va LG kabi kompaniyalar bu sohaga ham kirib keldi. 2007 yilda Apple‘ning dastlabki iPhone smartfoni bu bozorda haqiqiy inqilob bo‘ldi. Shundan so‘ng hammasi ortga qaytmas darajada keskin o‘zgarib ketdi.
O‘shanda ham ko‘pchilik tugmasiz telefonni aqlga sig‘dira olmagan, sensor ekranning kelajagiga shubha bilan qaragandi. Ammo iPhone avval Motorola, Sony Ericsson, Siemens kabi yetakchilarni, keyinchalik taxtdan tushishiga birov ishonmaydigan Nokia‘ni siqib chiqardi.
Buning ham bir necha aniq sabablari bor:
1. Uyali telefon va tugmalar
Yuqoridagi brendlar gigantlar darajasiga yetishsa ham tugmalardan voz kecha olishmadi. To‘g‘ri, ular orasida sensor ekran bo‘yicha loyihalar ham bo‘lgan, ammo o‘sha sensor ekran ostiga ham negadir tugmalar joylashtirilgan. iPhone esa o‘z davrida yutuq hisoblangan bu kamchilikdan xoli edi;
2. Telefon va internet uyg‘unlashuvi
Vaqtlar kelib internet telefon orqali ham foydalanish mumkin bo‘lgan darajada arzonlashuviga bu kompaniyalar ishonishmagan chog‘i. Aks holda o‘rgimchak to‘ri vaqtlar kelib asosan shu qurilmalardan joy olishini hisobga olmaslikni boshqacha tushunish mumkin emas. Apple asosan shu yo‘nalishga e'tibor qaratdi va haqiqiy gigantga aylandi;
3. Qo‘shimcha funksiyalar
Hozirgi zamonaviy telefonlarni telefon deb atash ham unchalik to‘g‘ri emas. Bir vaqtlar telefonda soat, kalkulyator, budilnik kabi funksiyalar odamlarga katta yutuq bo‘lib ko‘ringani holda uzoq yillar shu xususiyatlar bilan cheklanib kelindi. Ammo hozirgi smartfonlarning funksiyalarini sanab adog‘iga yetish qiyin;
4. Suratlar dunyosi va ulkan ekran
Hozirgi kunda 2 daqiqa davomida butun o‘n to‘qqizinchi asr davomida olingan suratlarga nisbatan ko‘proq surat tushirilishi hisoblab chiqilgan. Bugungi insonning qo‘l ostida lahzani muhrlovchi, jarayonni videotasvirga oluvchi katta yordamchi bor. Shuningdek, bu suratlarni va videolarni ko‘rish uchun yorqin ekran ham zarur. Aslida telefonda fotapparat va kamera uyg‘unlashuvini Nokia ommalashtirishga uringan. Ammo haminqadar sifat va qimmat narxlar tufayli bu funksiya kutilgan natijani bermadi. Samsung va Apple esa bu yo‘nalishni san'at darajasiga ko‘tardi.
Yillar o‘tib Huawei, Lenovo, HTC, Xiaomi kabi brendlar ham bu bozorga kirib keldi va bu «qadimgilar»ning «pensiyaga chiqishlari»ni tezlashtirib yubordi.
Keyinchalik zamonaviy gadjetlar bozorida asosan Samsung va Apple‘ning juda shafqatsiz raqobati kuzatildi. Garchi ularni bog‘lab turgan jihatlar ko‘p bo‘lib, o‘zaro texnologiyalar almashinuvi yuqori bo‘lsa-da, raqiblik baribir o‘z ishini qildi va ular bir-birlari bilan bir necha marta sudlashishga ulgurdi.
Bu orada Huawei va Xiaomi kabi brendlar savdo hajmini oshirishga erishdi. 2018 yilga kelib Huawei sotilgan smartfonlar soni bo‘yicha iPhone‘ni ham ortda qoldirdi.
Demak, bu bozorda yetakchi gigantlar yana o‘zgarishini istisno qilib bo‘lmaydi.
Abror Zohidov tayyorladi
Mavzuga oid
00:31 / 18.12.2024
Kongo Appleʼni noqonuniy qazib olinayotgan minerallardan foydalanishda aybladi
18:44 / 17.12.2024
iPhone va Samsung foydalanuvchilarining aksariyati sun’iy intellektni foydali deb hisoblamaydi
20:50 / 16.12.2024
Apple yupqa iPhone va buklama qurilmalarni chiqaradi – OAV
19:56 / 13.12.2024