O‘zbekiston | 16:11 / 27.02.2019
9606
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistonda autist bolalarni reabilitatsiya qilishga sharoit mavjud emas». Muammoga taklif bor​

Foto: Fotolia

Autizm sindromini davolash bo‘yicha respublika markazi tashkil etish taklif etilmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga joylashtirilgan taklifga ko‘ra, autizm kasalligiga chalingan bolalarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, ularning ota-onalariga ko‘maklashish, autizm kasalligini muvaffaqiyatli davolash maqsadida Respublika bolalar autizmi reabilitatsiyasi markazi tashkil etilishi kerak.

Taklif muallifi Ikrom Hojiyevga ko‘ra, autizm sindromini erta yoshlarda davolash mumkin.

«Xorijiy davlatlarda bolalar autizmi bilan shug‘ullanadigan ko‘plab markazlar faoliyat yuritadi. Bizda esa Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazidan boshqa joyda ushbu kasallikka chalingan bolalarni reabilitatsiya qilishga sharoit mavjud emas», – deya yozadi u.

Kun.uz'da e'lon qilingan «O‘zbekistonda autist bolalarga e'tibor qay darajada?» sarlavhali maqolada ham ayni shu masala ko‘tarilgandi.

Ota-onalar va mutaxassislar bilan olib borilgan suhbatga ko‘ra, autizmni davolash bilan bo‘yicha quyidagi muammolar mavjud:

– aynan autizm bilan og‘rigan bolalarni reabilitatsiya qilishga mo‘ljallangan markaz, muassasa mavjud emas;

– ayni vaqtda ota-onalarga yordami tegayotgan markaz faqat RBIMM, undagi sharoitlar qoniqarli, lekin muolaja uchun navbatning yilda bir marta kelishi, muolajalar kursining juda qisqa — 21 kun ekanligi davolanish sifatiga ta'sir ko‘rsatadi;

– xususiy markazlar bor. Ularda sifat yaxshi, lekin xizmatlar anchagina qimmat (muolaja, dori vositalari, logoped va psixolog bilan mashg‘ulotlar — barchasiga bir oyda o‘rtacha 3-3.5 mln so‘m sarflanadi);

– hozirda mavjud sharoitlar ham faqatgina poytaxtda, viloyatlardan Toshkentga kelib davolanish noqulayliklar keltirib chiqaradi;

– autizm haqida aholida to‘g‘ri tasavvurning mavjud emasligi jamoat joylarida harakatlanish o‘ziga xos bolalar va ularning ota-onalari uchun ziddiyatli holatga aylangan;

– ko‘pchilikda autizm tashxisi o‘z vaqtida qo‘yilmagan, bu esa davolanishning kechikishiga olib kelgan;

– davolanish masalasining muammoli tus olayotgani oilalarda tushunmovchilik, moliyaviy qiyinchilik, ba'zida esa ajrimga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, o‘z farzandining kelajagini yo‘lga qo‘yish maqsadida ota-onalar autist bolalar manfaatini himoya qiluvchi nodavlat-notijorat tashkilot tuzish tashabbusi bilan chiqishgan.

Mavzuga oid