O‘zbekiston | 17:00 / 06.03.2019
5447
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya sog‘liqni saqlash vazirlari o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi 

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi a'zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova tibbiyot va ta'lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari hamda bu boradagi yangi loyihalarni muhokama qildilar.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Veronika Skvorsova o‘zaro tajriba almashish va sohada olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda ko‘maklashish, sog‘liqni saqlash va tibbiy ta'limni rivojlantirish yuzasidan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Veronika Skvorsova
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Delegatsiya a'zolari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, xususiy klinikalar, birlamchi tibbiy yordam muassasalar hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga tashrif buyuradilar.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yillar davomida 600 dan ziyod o‘zbekistonlik mutaxassislar Rossiyada malaka oshirgan, Rossiyaning 300 nafar nufuzli mutaxassislari mahorat darslari, ko‘rgazma va ma'ruzalar tashkil etish hamda murakkab operatsiyalarni o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan. 

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda I.M.Sechenov nomidagi Moskva davlat tibbiyot universitetining filialini ochish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu borada qo‘shma fakultetlarni tashkil etish, bakalavriat, magistrlik va klinik ordinaturada ta'lim dasturlarini tayyorlash borasida shartnomalar tuzildi. 

Shuningdek, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamkorligida “Pediatriya ishi” va “Davolash ishi” ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma fakultet tashkil etiladi. 

Joriy yil sentyabrdan Rossiyaning Xalqlar do‘stligi universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti birgalikda “Dermatovenereologiya” yo‘nalishida qo‘shma fakultet ochish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Orenburg davlat tibbiyot universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida “Davolash ishi” va “Klinik psixologiya” yo‘nalishida ham qo‘shma fakultetlar tashkil qilinadi. Sankt-Peterburg pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali bilan birgalikda esa oltita: “Akusherlik va ginekologiya”, “Bolalar jarrohligi”, “Travmatologiya”, “Pediatriya”, “Stomatologiya” va “Onkologiya” yo‘nalishlarida xalqaro fakultetlar tashkil qilish ham ko‘zda tutilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Avvalroq Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova «Aeroflot»ning Moskva - Toshkent reysidagi yo‘lovchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid