Jahon | 17:25 / 17.09.2019
3172
4 daqiqa o‘qiladi

JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga yangi rahbar tayinlandi

Daniya poytaxti Kopengagen shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy qo‘mitasining 69-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga a'zo 53 ta davlat sog‘liqni saqlash vazirlari, hamkor tashkilotlar va fuqarolik jamiyatlari vakillari qatori Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

«Ma'lumki, JSST Yevropa mintaqaviy byurosini mintaqaviy qo‘mita tomonidan saylanadigan direktor boshqaradi. Ushbu lavozimga a'zo davlatlar tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan besh yil muddatga saylanadi. Mazkur nufuzli sessiyaning ikkinchi kuni, aynan, JSST Yevropa mintaqaviy byurosining yangi direktorini saylashdan boshlandi. Shunga ko‘ra, belgiyalik 50 yoshli mutaxassis Xans Klyuge olti nafar nomzod orasidan Yevropa mintaqaviy byurosining yangi direktori etib saylandi. Ayni paytga qadar u JSST Yevropa mintaqaviy byurosining sog‘liqni saqlash tizimlari va jamoat salomatligini muhofaza qilish bo‘limi direktori hamda ushbu byuro mintaqaviy direktorining maxsus vakili lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Sessiya doirasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Xans Klyuge bilan uchrashdi va uni mas'uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, mintaqaviy byuroning qiyin, ammo muhim vazifalarini bajarishda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Yevropa mintaqaviy byurosining yangi direktori, o‘z navbatida, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni diqqat bilan kuzatayotganini ta'kidladi. Tibbiy yordam sifati va ulardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, onalar va bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, sohada xususiy sektorni rivojlantirish, mamlakatda elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy etish kabi ko‘plab ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan – 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish jarayoni bilan qiziqib, bu borada qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Sessiya ishtirokchilari tomonidan «Salomatlik – 2020» dasturi qabul qilingandan so‘ng ulkan yutuqlarga erishilgani ta'kidlandi. «Salomatlik – 2020» siyosatiga muvofiq, milliy sog‘liqni saqlash dasturlariga ega mintaqadagi mamlakatlarning ulushi 2010 yildagi 36,4 foizdan ayni paytda 62,7 foizga o‘sdi. Natijada umr ko‘rish davomiyligining o‘sishi va erta o‘limning kamayishi kuzatildi. Shu bilan birga, ba'zi mamlakatlarda chekish, spirtli ichimliklar iste'mol qilish, ortiqcha vazn va semirish, shuningdek, emlashning yetarli darajada emasligi kabi jihatlar hamon ko‘zlangan maqsadga erishishga to‘sqinlik qilayotgani qayd etildi.

Sessiyada, shuningdek, sog‘liqni saqlash bo‘yicha tenglik, savodxonlik, tashkiliy va texnologik innovatsiyalar orqali tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish kabi ustuvor masalalarga ham e'tibor qaratilmoqda. Ikki tomonlama uchrashuv va amaliy brifinglarda sog‘liqni saqlash diplomatiyasi va migratsiyasi, bolalar va o‘smirlar salomatligi, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishni qo‘llab-quvvatlash manbalari, tibbiyot tizimlarini raqamlashtirish, kadrlar masalasi kabi ko‘plab mavzular atroflicha muhokama qilinmoqda.

Mavzuga oid